"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Oʻzbekiston togʻ-kon sanoati va geologiya sohasi global miqyosda oʻz jozibadorligini tobora oshirmoqda. Mamlakatimizning ulkan mineral-xomashyo resurslari hamda investitsiyaviy salohiyati dunyoning yetakchi ilmiy markazlari va xalqaro ekspertlari eʼtiborini doimiy ravishda jalb etib kelyapti. Buning yaqqol isboti sifatida, dunyoning eng nufuzli geologik tadqiqot institutlaridan biri — Avstraliyaning Tasmaniya universiteti qoshidagi CODES markazi doktori J. Jivkovich hamda CODES SEG boʻlimi talabalarining yurtimizga amaliy tashrifi sohadagi xalqaro integratsiyani yangi bosqichga olib chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi koʻmagida tashkil etilgan ushbu xalqaro tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad — togʻ-kon sektori va oliy taʼlim muassasalarining geologiya kafedralari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish hamda qoʻshma ilmiy loyihalarni amaliyotga tatbiq etishdan iborat.
Mazkur dastur doirasida, 22-iyun kuni dunyoning qator yetakchi davlatlari — Avstraliya, Kanada, Xitoy, Fransiya, Italiya, Braziliya va Qozogʻistondan kelgan 24 nafar yosh olim va talabalar hamda delegatsiya rahbari, SEGning mintaqaviy masalalar boʻyicha vitse-prezidenti Anna Fonseka OKMKga tashrif buyurishdi.
Xorijiy delegatsiya aʼzolari kombinatning eng yirik va zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, mehmonlar dastlab “Qalmoqqir” va “Yoshlik” konlarida boʻlib, u yerdagi qazib olish jarayonlari hamda geologik qidiruv ishlarini koʻzdan kechirishdi. Shundan soʻng, “Metallurg” madaniyat saroyidagi toʻgaraklar va muzeylar faoliyati bilan tanishildi.
Xorijiy geologlarning amaliy ekskursiyasi Angren kon boshqarmasidagi obyektlarni oʻrganish bilan yakunlandi. Bu kabi nufuzli xalqaro tadbirlar mamlakatimiz togʻ-kon sanoati salohiyatini dunyoga keng tanitish va sohada jahonning ilgʻor tajribalarini tatbiq etishda yangi ufqlar ochadi.
Ulug‘bek Igamberdiyev,
O‘quv markazi yetakchi muhandisi