Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK: Xomashyodan tayyor mahsulotgacha sifat mezonlari

04 Mart 2026, 9:35 148

Jahon bozorida mahsulot sifati - raqobatbardoshlilikni ta'minlash, iste'molchilar ishonchini qozonish va eksport hajmini oshirishning asosiy omilidir. Yuqori sifat xalqaro standartlarga moslikni, brend nufuzini va uzoq muddatli daromadlilikni kafolatlaydi, belgilangan xususiyatlarning past darajasi esa tovarlarning tashqi savdoga kirmay qolishiga yoki qaytarilishiga olib kelishi mumkin. Bugungi kunda oʻzining 10 dan ziyod mahsulotlari bilan nafaqat mamlakat ichki ehtiyojini ta’minlash balki, dunyoning turli burchaklariga eksport jarayonlarini amalga oshirib kelayotgan OKMKda ham korxona tashkil etilgan ilk kunlardanoq ishlab chiqarilayotgan tovarlarning sifat koʻrsatkichlari qat’iy nazorat qilinib kelinadi. Mazkur vazifani salkam 70 yildan ziyod vaqt mobaynida kombinat Texnik nazorat xizmati amalga oshirmoqda. Xizmat korxonaning 1-, 2- ,3- Mis boyitish fabrikalari, Markaziy taʻmirlash mexanika zavodi, Kovuldi kon boshqarmasi, Xondiza, Angren va Chodak kon boshqarmalari hamda Rux va Mis eritish zavodlarida xomashyo, material va butlovchi qismlarning sifatini tekshirish, ishlab chiqarishda texnologik rejimga rioya etilishini nazorat qilish va oraliq mahsulotlarni saralash, tayyor tovarlarni sinovdan oʻtkazish, sertifikatlashtirish hamda yaroqliligini aniqlash ishlari bilan shugʻullanadi. Bugun ana shunday mas’uliyatli vazifalar ijrochisi boʻlgan xizmatning Mis eritish zavodidagi boʻlinmasi haqida soʻz yuritamiz.

Texnik nazorat xizmati xodimlari kombinat ishlab chiqarish zanjirining eng soʻnggi boʻgʻini boʻlgan mazkur zavodga keltirilayotgan flyus ma’danlar, boyitilgan konsentrat hamda aylanma mahsulotlar ya’ni chang va keklardan namunalar olishadi. Tayyor va yarim tayyor metal tarkibli xom-ashyolar laboratoriya tekshiruvlari uchun hozirlanadi. Shuningdek, Metallurgiya sexining eritish pechlaridagi jarayonlarning har bir bosqichini doimiy monitoring qilib boradilar, pechlarga yuklanayotgan shixtalardan va chiqayotgan yuqori haroratli shlak eritmalaridan namunalar olishib, ularning aniq hisobini yuritadilar. Bu esa texnologik hisob-kitoblarni toʻgʻri borishi va belgilangan talablarga muvofiqligi ustidan nazorat olib borishni taminlaydi.

Xizmat xodimlari zavodning metallurgiya, sulfat kislotasi ishlab chiqarish, kamyob metallar, mis simlarni choʻzish va emallangan mis simlar ishlab chiqarish, misni elektrolizlash, oltin va kumushni affinajlash, mis kuporosi kabi sexlarida faoliyat olib borishmoqda.

Xizmat xodimlarining oʻz faoliyatlarini aniqlikda bajarishi mahsulot sifatini ta’minlaydi.

Tarkibiy boʻlinma texnik nazorat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirish, tahlil jarayonlarida aniqlik va tezkorlikni ta’minlash maqsadida 2025-yil 4 dona diskli maydalagich uskunlari keltirildi. Rangli metallurgiya mahsulotlari nazoratchisi, Namuna oluvchi, nazorat ustasi va muhandislardan tashkil topgan boʻlinma oʻzlariga belgilangan vazifalarni sidqidildan sharaf bilan bajarishmoqda.

Texnik nazorat xizmati – bu koʻzga koʻrinmas lekin eng muhim vazifalar ijrochisini ta’minlovchi jamoadir. Ularning fidokorona mehnati va mas’uliyati tufayli kombinat mahsulotlari jahon bozorida munosib oʻrin egallab, yuqori “sifat belgisi”ni qoʻlga kiritgan.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech