• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha Maslahat kengashi: 2023-yil sarhisobi va galdagi vazifalar

24 Yanvar 2024, 13:52 871

Joriy yilning 23-yanvar kuni Ijro apparatida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha Maslahat kengashining 2023-yil yakunlariga hamda 2024-yilda bajariladigan ishlar rejasiga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha Maslahat kengashi raisi o‘rinbosari Kamola Umaraliyeva 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

- Kengashimiz tashkil topganiga endi 1 yil bo‘lgan bo‘lsada oz fursatda kombinatimizning har bir korxonalaridan eng faol, lider, tirishqoq bo‘lgan ayollarimiz saylanib, ular bilan hamjihatlikda, bir yoqadan bosh chiqarib yil davomida rahbariyat tomonidan berilgan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli qilib bajarishga harakat qildik, deydi - K. Umaraliyeva. - Bugungi kunda kombinat tarkibiy bo‘linmalarida 8043 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritib kelmoqda.  Ulardan 1 nafari deputat, 2000 nafarga yaqini oliy ma'lumotli, 4615 nafari o‘rta-maxsus va 1420 nafari o‘rta ma'lumotli xotin-qizlarni tashkil etadi. Bundan tashqari, kombinat ishchilarining 44 nafar oilalarga 540 million so‘mdan ko‘proq moddiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, ulardan 12 nafarini og‘ir kasallikka uchragan ayollarni tashkil etadi. Oliy ta'lim muassasasida tahsil olayotgan 27 nafar xotin-qizlarning shartnoma to‘lovi uchun jami 396 049 390 so‘m mablag‘ kombinat hisobidan amalga oshirildi.

2023-yil davomida biz jamoamiz ya'ni korxonadagi kengash raisalari ishtirokida qizg‘in ishlar olib bordik.  May oyining ikkinchi haftasida  konchi-metallurglar kuni munosabati bilan nafaqada o‘tirgan, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan oilalalarning holidan xabar olindi. Uylarida hashar ishlarini tashkillashtirilib, oziq-ovqat jamlanmalari tarqatildi.

Kengash va tegishli mas'ullar hamkorligida mehnat jamoalarida ijtimoiy-ma'naviy muhitning barqarorligini ta'minlash bo‘yicha korxona raislari tashabbusi bilan “Ayol jamiyat ko‘zgusi” deb atalgan davra suhbatlari tashkil etildi. Tadbirlarda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqei, xavfsiz mehnat sharoiti, gender tenglik siyosati, diniy e'tiqodda va liboslarida, to‘g‘ri bilim va qarashga ega bo‘lish va boshqa ijtimoiy mavzularda ochiq suhbatlar olib borildi.

1-iyun - “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”da kombinat tasarrufidagi maktabgacha ta'lim muassasalari  bolajonlariga sovg‘alar ulashildi.

Xotin-qizlar o‘rtasida turli huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, ayollarning huquq va manfaatlarini qonuniy himoya qilish maqsadida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Sentyabr  oyida “Xonatlas” va “Kombinatda milliy qadriyatlar” deb nomlangan chellenj tashkil etildi.

1-oktyabr  - “Ustoz va murabbiylar kuni” munosobati bilan “Keksalarni e'zozlash haftaligi” e'lon qilinib, haftalik doirasida uzoq yillar kombinatda ishlab, bugungi kunda nafaqada bo‘lgan faxriylar holidan xabar olindi.

18-28 oktyabr kunlari “Ayollar salomatligini muhofaza qilish 10 kunligi” o‘tkazildi. Mazkur 10 kunlikda kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalardagi xotin-qizlar, ayni vaqtda bemor,nogiron bo‘lgan ayollar mutloq bepul bo‘lgan tibbiy ko‘rikdan o‘tishdi. O‘zlarini bezovta qilib kelayotgan kasallik bilan bo‘lishib, davolanish uchun kerakli bo‘lgan maslahatlarni mutaxassislardan olishdi. Tibbiy ko‘rikda onkolog, endokrinolog, ginekolog, terapevt, nevropotolog kabi shifokorlar ishtirok etishdi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida OKMK Xotin-qizlar va gender tengligi  maslahat Kengashi raisi bilan birgalikda barcha korxona raislari va ularning eng faol ishchi ayollari 1000 tup kashtan daraxti ko‘chatlarini ekib, Onalar bog‘i”ni yaratishga o‘z hissalarini qo‘shishdi.

13-18 noyabr kunlari Xotin-qizlar o‘rtasida “Ilm-fan va innovatsion rivojlanish haftaligi” tashkil etilib, unda sanoat va ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan olima ayollarimiz ishtirokida master klasslar o‘tkazildi. Haftalikda kombinatda mehnat qilayotgan xotin-qizlar orasida hunarmand va tadbirkor hamda boshqa noyob qobiliyat egalari ishtirokida ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Haftalikning yakuniy bosqichida faol ishtirok etgan korxona raisalari va ularni ko‘rgazmalarini tashkil etishda ishtirok etgan ayollar ya'ni 25 nafar ayollarimiz qimmatbaho sovg‘a va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanishdi.

Haftalikning oxirgi kuni sayyor qabul bo‘lib,  unda har bitta korxonada sharoiti og‘ir, ko‘makga muhtoj bo‘lgan ayollar qabul qilinib, ularning muammolari tinglandi.

3-dekabr - “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan “Mehr-oqibat - oliy fazilat” deb nomlangan tadbir tashkil etilib, unda shahrimizdagi imkoniyati cheklangan farzandlarimizning ijodiy ishlari yarmarkasi hamda savdosi bo‘lib o‘tdi. Xayriya aksiyasida OKMK mas'ul rahbarlari 80-sonli maktab internati va 6-ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab o‘quvchilarining ijod namunalaridan xarid qilishdi.

Shuningdek, “Inson huquqlari eng oliy qadriyat va Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” tadbiri tashkillashtirildi. Ushbu mavzu OKMKning barcha bo‘linmalarida targ‘ib etildi.

21-22 dekabr kunlari “Birgalikda bayram qilamiz” aksiyasi tashkil etilib, unda kombinatda mehnat qilib kelayotgan ehtiyojmand ayollarga va ularing farzandlariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida 2 kun davomida poytaxtimizdagi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va uning filiali Toshkent muzeyiga sayyohatga yuborildi.

Bundan tashqari, 50 nafar nogironligi bor, farzandining nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan oilada yagona boquvchi ayol bo‘lgan oilalarga Yangi yil bayrami sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda kombinat tarkibiy bo‘linmalarida faoliyat yuritib kelayotgan maslahat kengashlarining raisalari ham so‘z olib, amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Tadbir davomida so‘z olgan OKMK Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha Maslahat Kengashi raisi Feruza Hamidova 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar samarali bo‘lganligini ta'kidlab, 2024-yil rejalari yuzasidan topshiriq va tavsiyalarini berib o‘tdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech