Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK yana bir oliygoh bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi

17 Fevral 2026, 13:41 25

Olmaliq kon-mеtallurgiya kombinati nafaqat mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanchi, balki ilm-fan va ishlab chiqarish intеgrasiyasining yirik markazi hamdir. Bugungi kunda kombinat koʻplab mahalliy va xorijiy oliy oʻquv yurtlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini oʻrnatib kеlmoqda.

Zamonaviy tеxnologiyalarni oʻzlashtirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida bu an'anani izchil davom ettirish, ilmiy-tadqiqot ishlari koʻlamini kеngaytirish hamda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish stratеgik ahamiyatga ega. Zеro, ilm va tajriba uygʻunligi sohaning ertangi taraqqiyotini ta'minlovchi asosiy omildir. Kuni kеcha OKMK yana bir oliy oʻquv muassasasi bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi.

Muhandislik maktabida kombinat va Sankt-Peterburg davlat universitetining Toshkent filiali o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi mazkur yo’nalishdagi muhim voqealardan biriga aylandi.

Hamkorlik shartnomasini imzolash jarayonida OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o’rinbosari Sa’di Shermatov, o‘quv markazi rahbari Doniyor Karimov, universitet filiali direktori Mahmudjon Ziyodullayev hamda direktor o‘rinbosari Sergey Nebotovlar ishtirok etishdi. Uchrashuv davomida manfaatli kelishuvning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Loyiha doirasida tomonlarning o‘quv-uslubiy yo‘nalishda tajriba almashishlari, talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish hamda OKMK xodimlarini oliy ta’limga tayyorlash chora tadbirlari rejalashtirilgan. Bu esa o‘z navbatida yoshlarning kasbiy mahoratini oshirish, ularni real ishlab chiqarish muhiti bilan yaqindan tanishtirish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun: Sankt-Peterburg davlat universiteti Toshkent filiali 2021-yil tashkil etilgan bo‘lib, filologiya, mamlakatshunoslik, xorijiy davlatlar iqtisodiyoti hamda biotibbiyot kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur memorandum ta’lim va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, yetuk kadrlar tayyorlashga mustahkam zamin yaratadi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar kelgusida qo‘shma ilmiy va amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish orqali hamkorlik chegarasini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech