Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda bahor nafasi: Obodlik yo‘lidagi muhim vazifalar

23 Fevral 2026, 9:12 135

Joriy yilning 20-fevral kuni Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasining 3-temir yo‘l sexi hududida muqaddas Ramazon oyini munosib o‘tkazish hamda sharqona yangi yil — “Navro‘z” umumxalq bayramiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish maqsadida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov, tarkibiy bo‘linma boshliqlarining umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari, Yoshlar ittifoqi vakillari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha maslahat kengashi ma’sullari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosiga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar ham ishtirok etishdi.

Yig‘ilish davomida bayram oldidan hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yana-da jadalashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Xususan, har bir bo‘linmaga biriktirilgan hududlarda sanitariya holatini yaxshilash, “Yashil makon” loyihasi doirasida manzarali va mevali daraxtlarni ekish, yashil maydonlarni kengaytirish, bayram tayyorgarligi doirasida ishlab chiqarish maydonlari va unga tutash hududlarning estetik qiyofasini yaxshilash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mas’ullarga o‘zlariga biriktirilgan hududlar bo‘yicha aniq va manzilli vazifalar yuklatildi. S.Shermatov o‘z nutqida har bir xodim va rahbar ushbu xayrli ishga vijdonan yondashishi, Olmaliq shahri va kombinat hududining obod bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shishi insoniy burch ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar STTB mehnat jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan namunali ishlar bilan yaqindan tanishishdi. Xususan, sex hududidagi issiqxonada yetishtirilayotgan rang-barang gul ko‘chatlari va manzarali o‘simliklar ko‘zdan kechirildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur issiqxonada tayyorlanayotgan minglab gullar tez orada kombinat hududlari va shahar ko‘chalariga ko‘rk bag‘ishlashi rejalashtirilgan. Bu kabi amaliy sa’y-harakatlar nafaqat bayram kayfiyatini yaratishga, balki hududning ekologik barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda OKMK jamoasi bahor  faslini yuqori kayfiyat va amaliy ishlar bilan kutib olmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech