"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Bugun barcha soha taraqqiyotining asosini sifatli ta’lim tashkil etmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kuchli bilimga ega kadrlarga bo‘lgan talab esa har doim yuqori. Bu borada OKMK ham nafaqat respublikaning balki dunyoning nufuzli oliy ta’lim dargohlari bilan o‘zaro manfaatli kelishuvlar doirasida hamkorlik qilib kelmoqda. Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi o‘z o‘rnida talabalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlab, texnologik jarayonlardagi muammolarga ilmiy ishlanmalarni tatbiq etilishiga zamin yaratmoqda. Kuni kecha kombinatga tashrif buyurgan Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh texnologiya Universiteti, Mo‘g‘iliston Davlat universiteti hamda Geologiya fanlari universiteti talaba yoshlaridan iborat delegatsiya a’zolari ham soha mutaxassislari bilan o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Talaba yoshlar Respublikaning eng yirik mis ishlab chiqarish korxonasi hisoblangan OKMK bilan tanishishni Qalmoqqir konidan boshlashdi. Ulkan kon texnikalari yordamida amalga oshirilayotgan ma’dan qazish jarayonlari mehmonlarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.
“Metallurg” madaniyat saroyida joylashgan kombinatning shonli tarix muzeyiga tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari, tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob oldilar.
Ma’lumot uchun mazkur sanoat ekskursiyasi 24-25- iyun kunlari Prezidentimizning Mo‘g‘iliston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida ikki davlat tog‘-kon sanoati va geologiya vazirliklari o‘rtasida Anglashuv Memorandumi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan Mo‘g‘iliston Ta’lim vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik bitimi, shu bilan birga Qirg‘iz va O‘zbek ta’lim muassasalari rektorlarining I xalqaro forumi doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Riahi Amna Vissal - Geologiya fanlari universiteti talabasi: - Men Tunis Davlatidanman. Universitetimizning o‘zaro hamkorlik dasturi doirasida Olmaliq shahriga tashrif buyurdik. Menda davlatingiz, ayniqsa, Olmaliq shahri katta taassurot qoldirdi. Bu yerda kombinatdagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdik. Bunday katta hajmdagi texnologik ish ko‘lamini kuzatish biz talabalar uchun juda qiziqarli bo‘ldi.
Lkhagva Ochir Enkhjin - Mo‘g‘iliston Davlat universiteti talabasi: Men Mo‘g‘iliston Davlat universitetining geologiya va geofizika fakultetida tahsil olaman. Maxsus hamkorlik dasturi doirasida Olmaliq shahriga tashrif buyurdik. Bu yerda bizga ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita tanishish imkoniyati yaratildi. Biz bundan juda mamnunmiz.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari kombinat O‘quv markazi qoshidagi Muhandislik maktabiga tashrif buyurishib, u yerda tinglovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishishdi.
Kunning ikkinchi qismida kombinat Resurslar va tog‘-kon ishlari departamenti qoshida Geologiya fanlari universitetining “Konchilik ishi va texnologiyalar” kafedrasi filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur filial mehnat bozorida raqobatbardosh sifatli kadrlar tayyorlash, korxonaning dolzarb muammolarini ilmiy-tadqiqot ishlari yordamida hal etish, professor-oʻqituvchilarning malakalarini oshirish hamda talabalar oʻquv jarayonini bevosita texnologik amaliyot bilan birga olib borish imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda ta’lim va sanoat integratsiyasi nafaqat iqtisodiy o‘sishning, balki inson kapitalini rivojlantirishning ham muhim omilidir. Bu orqali ta’lim tizimi hayot bilan, ilm-fan esa amaliyot bilan uzviy bog‘lanadi. Natijada, zamonaviy jamiyat ehtiyojlariga javob bera oladigan, ilg‘or texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan yangi avlod mutaxassislari shakllanadi.
Axborot xizmati