Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda Germaniya standarti: Sanoat va ta’lim integratsiyasi yangi bosqichda

18 Iyun 2026, 14:8 34

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tgan panel sessiyasida kadrlar tayyorlashda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, xususan, dual ta’lim tizimi markaziy mavzulardan biri bo‘ldi. Tadbirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati O‘quv markazi rahbari Doniyor Karimov ma’ruza qilib, Germaniya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli loyiha natijalarini taqdim etdi.

Bugungi kunda kombinat bazasida Germaniyaning “Skills Experts Program” (SEP) loyihasi faol ishlamoqda. Bu sheriklikning muhim poydevoridir. Loyihadan ko‘zlangan bosh maqsad — metallga ishlov berish yo‘nalishida xalqaro darajadagi mutaxassislar tayyorlash va bitiruvchilarning Germaniya AHK-DIHK sertifikatlariga ega bo‘lishini ta’minlashdan iborat.

2026-yilning yanvaridan boshlangan mazkur dastur doirasida hozirda 30 nafar iqtidorli yosh “Elektrgazpayvandchi” va “Texnik-texnolog” yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Olib borilayotgan o‘quv jarayoni nemis dual tizimining “70% amaliyot va 30% nazariya” tamoyiliga asoslangan. Bunda talabalar vaqtining katta qismini quruq maketlarda emas, balki kombinatning Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodi va Mis boyitish fabrikasi kabi yirik korxonalarida, real uskunalar bilan ishlab o‘tkazadilar. Zarur nazariy bilimlar esa texnikumda to‘ldirib boriladi.

Ta’lim sifatini ta’minlash uchun jarayonga Germaniyaning AdA International standarti bo‘yicha maxsus tayyorlangan malakali ustoz-murabbiylar biriktirilgan. Ishga ruxsat berish tizimi ham qat’iy bosqichlardan iborat: dastlab trenajyorlarda mashq qilinadi, so‘ngra ustoz nazorati ostida ishlanib, keyinchalik mustaqil faoliyatga ruxsat beriladi.

Agar ilgari tayyor va yuqori malakali mutaxassislar tashqaridan izlangan bo‘lsa, bugungi kunda OKMK dual ta’lim orqali kadrlarni o‘z texnologiyasi va zamonaviy uskunalariga moslab, yuqori sifat bilan o‘zi tayyoralamoqda. Bu tajriba O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi kasbiy ta’lim hamkorligining eng yorqin va samarali namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech