"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalar uygʻunligida tashkil etilgan dual ta’lim tizimi OKMKda ham samarali yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, uning doirasida koʻplab xorijiy davlatlar oʻquv muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishmoqda. Jumladan 20-may kuni OKMK va “GERMAN INDUSTRY AND COMMERCE” MCHJ oʻrtasida “Skills Expert Programm” loyihasini amalga oshirish boʻyicha axborot-marketing va maslahat xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida imzolangan kelishuvga muvofiq, mazkur tashkilot va “Markaziy Osiyo IHK” kompaniyalarining xorijiy vakillari kombinatga tashrif buyurishdi.
20-may kuni mehmonlar uchun kombinat tarkibiy boʻlinmalari boʻylab kichik ekskursiya uyushtirildi. Delegatsiya a’zolari Qalmoqqir koni hamda Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida boʻlishib u yerdagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi. Shundan soʻng, Muhandislik maktabida tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ham koʻzdan kechirishdi.
21-may kuni xorijlik mutaxassislar tomonidan MTMZ hamda Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasining payvandchi va tokarlari uchun seminar mashgʻulotlari oʻtkazildi. Unda kombinat oʻquv markazi, Muhandislik maktabi hamda Olmaliq kon-metallurgiya texnikumi vakillari ishtirok etishdi.
An’anaviy ma’ruzalardan farq qiluvchi faol hamkorlik va amaliyotga qaratilgan Workshop usulida tashkil etilgan mashgʻulotda ishtirokchilar metallarga ishlov berish, ehtiyot qismlarini tayyorlash, yigʻilish va oʻrnatish, boshqaruv uskunalari, komponentlarni ulash, uskunalarga texnik xizmat koʻrsatishda sifatni ta'minlash, ish jarayonlarini rejalashtirish va tashkil etish kabi mavzularda fikr almashishdi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur loyiha sabab nafaqat kombinat mutaxassislari balki xorijiy kompaniya vakillari ham oʻzlari uchun qimmatli boʻlgan bilimlarni olish hamda uni amaliyotda qoʻllash imkoniyatiga ega boʻlishmoqda. Oʻquv jarayonlari soʻngida tinglovchilarga ekspert darajasi berilib, kelgusida ular kon-metallurgiya texnikumi talabalariga amaliy darslar oʻtishlari koʻzda tutilgan.
OKMK va xorijiy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik — bu zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashning samarali imkoni. Bu shunchaki korxona manfaati uchun emas balki butun mamlakat sanoati hamda ta’lim rivojiga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Axborot xizmati