• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda ilk raqamli transformator podstansiyasi ishga tushirildi

22 Dekabr 2023, 17:19 1108

Bugun OKMKda ilk bor “Tukket” raqamli transformator podstansiyasi foydalanishga topshirildi. Ushbu obyektning topshirilishi energetiklar kuniga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Ma'lumki, ayni paytda OKMKda “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasi jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida “Yoshlik-1” koni ma'dan qazib olishga tayyorlandi. Kondagi maydalash yuklash qurilmasi va magistral konveyer liniyalari qurib bitkazildi. 3-Mis boyitish fabrikasi obyektlarini qurish ishlari jadal olib borilmoqda. Kon va fabrika faoliyati uchun zarur bo‘lgan infratuzilma obyektlari, jumladan, temir yo‘llar, kon-transport vositalarini ta'mirlash va yig‘ish sexlari va tashqi energiya ta'minoti boshqa obyektlarni qurish ishlari ham davom etayapti.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” loyihasi doirasida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi hamda “Yoshlik” va “Qalmoqqir” konlarini elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida mamlakatimizda ilk bora 500\110\10 kV kuchlanishli raqamli transformator podstansiyasi qurib bitkazildi.

Bugun ushbu obyekt tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Tadbirda so‘z olgan OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov mazkur podstansiya nafaqat O‘rta Osiyoda, balki Mustaqil Hamdo‘stlik Davlatlari ichida birinchi va yagona hisoblanishini, u ilg‘or va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanganini ta'kidlab, obyekt qurilishida faol bo‘lgan ishchi-xodimlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Tadbir davomida podstansiya qurilishida faol bo‘lgan bir guruh soha vakillari qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

Ramziy lenta qirqilib, rasman raqamli podstansiya o‘z faoliyatini boshladi va tadbir ishtirokchilari guvohligida podstansiyaga dastlabki kuchlanish berildi.

Tadbir ishtirokchilari mazkur podstansiya bilan yaqindan tanishishdi.

Podstansiyaning barcha metall konstruksiyalari va beton buyumlari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan. Kommutatsiya qurilmalari mukammal himoya tizimiga ega bo‘lgan elegazli(Elegaz himoya hisoblanadi, avvallari moyli, vakkumli himoya qo‘llanilgan. Elegaz nihoyatda mukammal himoya tizimi sanaladi) ijroda bunyod etilgan.

Shuningdek, ilg‘or xorijiy ishlab chiqaruvchilar hamda elektr energetikasining yirik gigantlarining 110 va 500 kVli o‘chirgichlari, tok va kuchlanishli transformatorlari o‘rnatildi.

Podstansiya avtomatika va rele himoyali bloklari, avariyaga qarshi avtomatika, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi, ma'lumotlarni yig‘ish va uzatish dispetcherlik boshqaruv tizimi bilan jihozlandi.

Podstansiyadan 3-Mis boyitish fabrikasi va “Yoshlik-1” konigacha bo‘lgan barcha yuqori voltli elektr uzatish liniyalari to‘liq o‘rnatildi.

Erkin To‘raboyev, faxriy energetik: - 1970-yildan boshlab energetika sohasida faoliyat yuritganman. O‘sha paytdagi podstansiyalarning kuchlanishi 35 ming voltni tashkil etgan. Bunaqa zamonaviy podstansiyalar hayolimizga ham kelmagan. Avval kuchlanishlar qo‘lda o‘chirilardi. Hozir esa hammasi avtomatlashtirilgan. O‘ylaymanki ushbu podstansiya ham kombinat va yurtimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma'lumot uchun: Hozirgi paytda kombinatda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur loyiha O‘zbekiston tarixidagi eng yirik investitsiya loyihalaridan biridir. Uning amalga oshirilishi natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati bir necha barobarga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu o‘z navbatida respublika yalpi ichki mahsuloti hajmi o‘sishiga ham xizmat qiladi.

“Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish natijasida birinchi bosqichda (2021-2026 yy.) 300 ming tonna, ikkinchi bosqichda (2024-2028 yy.) 400 ming tonna mis katodi ishlab chiqariladi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech