"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Investitsion jozibadorligi ortib borayotgan mamlakatimizda germaniyalik investorlar bilan bugungi kunda hamkorlikda jami 219 ta korxona faoliyat yuritib kelmoqda. Ana shunday korxonalardan biri Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidir.
Kuni-kecha Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad, ikki tomonama imkoniyatlarni chuqurroq o‘rganish va xom-ashyo resurslari sohasidagi istiqboldagi hamkorlikni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
“Metallurg” MS da kutib olingan elchi janoblari avvaliga kombinat tarixi va ishlab chiqarish zanjiri aks etgan muzeyni ko‘zdan kechirdi, so‘ng madaniyat saroyidagi to‘garaklar faoliyati bilan qiziqdi.
OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov Manfred Xutererni kattaligi jihatidan dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan Qalmoqqir koni va kelajak koni - Yoshlik-1 hamda har ikki konda olib borilayotgan kon qazish jarayonlari, so‘ng asr bunyodkorligiga mengzalgan 3-Mis boyitish fabrikasida jadal davom etayotgan qurilish-montaj ishlari bilan yaqindan tanishtirdi.
Darhaqiqat, bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan Germaniyaning “Metso Outotec” kompaniyasi bilan shartnoma tuzilib, “KfW-IPEX Bank” banki tomonidan 99,0 million yevro miqdorida moliyalashtirish ochildi.
Shuningdek, nemislarning “Aurubis AG” kompaniyasi bilan 3-Misni boyitish fabrikasida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha ikki tomonlama manfaatli kelishuvga erishildi.
Nemis elchisi Rux zavodida ham bo‘ldi. Zavodda qad tiklayotgan yangi sulfat kislotasi sexi, bu yerga o‘rnatilayotgan Germaniya texnologiyalari, uskuna-jihozlarini hamda tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.
Mahalliylashtirish dasturining kombinatdagi bosh ijrochisi Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi Germaniya elchisining e'tiborini tortdi va u bu yerda zavod mehnat jamoasining faoliyati va o‘rnatilgan uskunalar bilan tanishdi.
Boshqaruv raisi elchi janoblarini nemislarning “Aurubis AG” kompaniyasi o‘quv markazi andozasi asosida qurilib, ishga tushirilgan Muhandislik maktabiga boshladi. 8 ta o‘quv va 4 ta laboratoriya xonalari mavjud bo‘lgan, texnologik sexi 36 turdagi 217 ta uskunalar bilan jihozlangan maktabdagi yosh muhandislarning mashg‘ulotlarini kuzatgan elchiga ushbu maktabdagi o‘quv dasturlari Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasi Texnika universiteti va bir qator kompaniyalarning kadrlar tayyorlash metodologiyalari asosida ishlab chiqilgani, universitetning elektron plastformasidagi elektron kitoblar hamda ma'ruzalardan foydalanishga kelishilgani haqida ma'lumot berildi.
Kombinatning qator kon va ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishgan Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlasharkan, shunday dedi:
- Olmaliqdagi kon-metallurgiya kombinatiga kelishim va bu yerda kombinat boshqaruvi raisining meni kon qazish hamda ishlab chiqarishi bilan batafsil tanishtirganidan xursandman. Kombinat haqiqatan ham o‘ziga xos korxona va ulkan potensialga ega. Bu yerda keyingi yillarda juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Kombinat zamonaviy korxonalarning namunasidir.
Bizning nemis korxonalari bu yerga kelishib, kombinatda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari kerak, deb o‘ylayman. Men bugun kombinatda bo‘lib, juda katta va yaxshi taassurotga ega bo‘ldim.
OKMK Axborot xizmati