• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda Istiqlol inshootlari foydalanishga topshirildi

30 Avgust 2024, 15:37 1594

Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bir qator ijtimoiy obyektlar va ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi.

Ushbu obyektlarning ochilish tadbirlarida OKMK rahbariyati, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Har bir obyektning qurilish va ta'mirlash ishlarida ishtirok etgan bir guruh quruvchilar, loyihachilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Jumladan, 29-avgust kuni Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi tasarrufidagi 2-sonli yotoqxona binosida “Nuroniylar maskani”ni rasman o‘z faoliyatini boshladi.

Maskanning ochilish tadbirida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘z olganlar OKMK tomonidan mehnat faxriylari, nuroniy keksalar hamisha ardoqlanishini, ushbu maskan ham ularning sevimli go‘shasi bo‘lishini ta'kidlashib, samimiy tilaklarini bildirishdi.

Maskanda otaxon va onaxonlar turli xil adabiyotlarni mutolaa qilishlari, shaxmat, shashka kabi sport o‘yinlarini o‘ynashlariga hamda ovqatlanishlari uchun sharoitlar yaratilgan.

Ushbu obyektni ta'mirlash ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish“ tresti tomonidan bajarilib, maskan yangicha qiyofaga keltirildi.

Maskan hovlisiga shiyponchalar ham o‘rnatilib, binoning fasad qismi ham pardozlandi. Ushbu maskanda bir vaqtning o‘zida 30 nafar nuroniylar vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari mumkin.

Shuningdek, shu kuni Yoshlik-1” koni va uning kon-texnika majmuasini hamda “Qalmoqir” konini tashqi elektr energiyasi bilan ta'minlaydigan 110/35/6 kV kuchlanishli raqamli transformator podstansiyasi ham foydalanishga topshirildi.

Podstansiyaning elektr ta'minoti kuchlanishi 500/110/10 kV bo‘lgan “Tukket” podstansiyasidan doimiy ikki zanjirli VL-110 kV havo liniyasi orqali amalga oshiriladi. Podstansiyada quvvati 80 MVA bo‘lgan zamonaviy transformatorlar, yog‘li 110 kV kuchlanishli tok transformatorlari o‘rnatilgan.

Podstansiya avtomatika va rele himoyali bloklari, avariyaga qarshi avtomatika, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi, ma'lumotlarni yig‘ish va uzatish dispetcherlik boshqaruv tizimi bilan jihozlandi.

E'tiborlisi, podstansiyaning barcha metall konstruksiyalari va beton buyumlari mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari, 30-avgust kuni Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasining 2-sonli temir yo‘l sexi “Svinsovaya” stansiyasi hududida yangi temiryo‘l bazasi ham foydalanishga topshirildi.

Mazkur obyektning ochilish marosimida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati, mehnat faxriylari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Mazkur bazaning qurilish ishlari 2021-yilda boshlangan bo‘lib, qurilish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti hamda STTBning o‘z kuchlari tomonidan amalga oshirildi.

Baza  zveno yig‘ish uchastkasi va avtomobilga yoqilg‘i quyish stansiyasi hamda yoqilg‘i moylash materiallari ombori, vagonlarni ta'mirlash punktini o‘z ichiga oladi.

4,47 gektar yer maydonida joylashgan bazada 1280 m uzunlikka ega temir yo‘l, 7 dona strelkali o‘tkazgichlar, 2 ta yopiq bino va ma'muriy maishiy binolar mavjud.

Yangi barpo etilgan baza bir qator qulayliklarga ega. Jumladan, ilgari bu kabi eski baza hududida manyovr ishlarini olib borishda turli qiyinchiliklar yuzaga kelgan va birgina manyovr ishlarini bajarish uchun ko‘p vaqt talab etilgan. Yangi bazada esa teplovozlar osongina manyovr qilishadi va bu tabiiyki teplovozlardan unumli foydalanish va yoqilg‘i mahsulotlarini tejashga olib keladi. Bundan tashqari, vagonlarni ta'mirlash ishlarini amalga oshirish ham ushbu bazada juda qulay. Sababi, bu yerga 50 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega chorpoyali kran o‘rnatilgan va u yordamida vagonlarning og‘ir bo‘lgan katta hajmdagi ehtiyot qismlari va detallari osonlikcha almashtiriladi. Bu esa nafaqat ish sifati, sarflanadigan vaqtning tejalishi, balki ishchi-xodimlar uchun ham bir talay qulayliklar yaratadi.

Shuningdek, baza hududidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi mavjudligi ham teplovoz, o‘zi yurar temir yo‘l texnikalari va temir yo‘l kranlarining yoqilg‘i bilan to‘ldirilishida ortiqcha vaqt sarflashni oldini oladi. Temir yo‘l qurilishida foydalaniladigan temir yo‘l panjaralarini yig‘ish uchun ham bazada barcha shart-sharoitlar yo‘lga qo‘yilgan.

Bazada mehnat qiluvchi ishchi-xodimlar uchun ham barcha sharoitlarga ega ma'muriy-maishiy bino barpo etilib, unda oshxona, ish taqsimlash xonasi, yuvinish xonasi, dispechterlik xonasi tashkil etilgan.

Mazkur obyektning foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga 768 mln so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech