Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda konchi-metallurglar kuni munosib nishonlandi

17 May 2025, 15:19 556

O‘zbekiston Respublikasi Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi tomonidan munosib kutib olindi.

Sana munosabati bilan 16-may kuni OKMK sport majmuasida estrada yulduzlari ishtirokidagi katta konsert dasturi o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov barchani ayyom bilan muborakbod etib, o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishdi.

Shuningdek, tadbir davomida 21 nafar faol ishchi-xodimlar turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari bilan mukofotlandi.

Taniqli san'atkor, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning  betakror taronalari barchani raqsga chorladi.

Konsertda O‘zbekiston xalq artistlari Maryam Sattarova va Gulsanam Mamazoitovalarning dilrabo qo‘shiqlari ham tomoshabinlarga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

“Metallurg” madaniyat saroyi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan kuy-qoʻshiqlar, jozubali raqslar ham barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, kombinat yoshlari tomonidan tayyorlangan OKMKning jonli ramziy timsoli olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Konsert dasturi anʻanaviiy mushakbozlik bilan yakunlandi.

17-may kuni xalq sayli 600 nafar yoshlar ishtirokidagi marafon bilan boshlandi.

Xalq saylida kombinat tarkibiy bo‘linmalari ishlab chiqarishda erishgan yutuqlari, korxonalarning mahsulotlari, ishlab chiqarishda foydalaniladigan texnologik qurilmalar va tarixi bo‘yicha ko‘rgazmalarni namoyish etishdi.

Bu yilgi bayram tadbirida Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining harbiy qismi harbiylari ilk bor ishtirok etishdi. Harbiylar tomoshabinlarga ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etishib, vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlarni ijro etishdi.

Bundan tashqari, xalq saylida OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi jismoniy tarbiya va sport bo‘limi tomonidan arqon tortish, stol tennisi, belbog‘li kurash, boks, darts, shaxmat va shashka kabi sport turlari bo‘yicha tashkil etilgan musobaqalar ham shiddatli kurashlarga boy bo‘ldi.

Tadbir davomida kombinat tarkibiy bo‘linmalari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar turli nominatsiyalar bo‘yicha qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Jumladan, ko‘rgazmalar tanlovida “Eng yaxshi sanoat ko‘rgazmasi” nominatsiyasiga kombinat temiryo‘lchilari sazovor bo‘lishib, Gran-priga loyiq ko‘rildi.

Tashabbusli va samarali betakror ko‘rgazmasi uchun Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi mehnat jamoasi 1-o‘rinni egalladi.

2-o‘rinni Kovuldi koni mehnat jamoasi egalladi. Konchilar ko‘rgazmasida yerosti konini qanday bo‘lishini namoyish etib berishdi.

Konchilik sohasida qo‘llaniladigan anjomlar ko‘rgazmasini namoyish etgan Angren kon boshqarmasi mehnat jamoasiga faxrli 3-o‘rin nasib etdi.

“Yangi O‘zbekistonning yangi korxonasi” nominatsiyasini 3-mis boyitish fabrikasi  mehnat jamoasi qo‘lga kiritdi.

Xususan, Texnologik transport boshqarmasi “Eng ommabop ko‘rgazma” nominatsiyasiga, Avtomobil transport boshqarmasi “Tarixdan yorqin kelajak sari” nominatsiyaga, Qalmoqqir kon boshqarmasi esa “O‘zbekiston konchilik sohasi tarixi” nominatsiyasiga loyiq ko‘rildi.

Ko‘rgazmada 30 tonnalik eritish quyish qozonlarini namoyish qilgan Mis eritish zavodi mehnat jamoasiga “Metallurgiya qudrati” nominatsiyasi taqdim etildi.

“Eng yaxshi boyitish texnologiyasi” nominatsiyasi bilan Mis boyitish fabrikasi, “OKMK-2030 raqamlashtirish dasturining eng faol ijrochisi” nominatsiyasi bilan 2-mis boyitish fabrikasi, “Eng yaxshi innovatsion g‘oyalar va yashil texnologiya uchun” nominatsiyasi bilan Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi kabi mehnat jamoalari taqdirlanishdi.

Bundan tashqari, “Bunyodkorlik sohasidagi yangi g‘oyalar uchun” nominatsiyasi g‘olibi trest jamoasi bo‘ldi.

Yoshlar o‘rtasida futbolni rivojlantirishdagi munosib hissasi uchun OKMK futbol akademiyasi hamda davlat va kombinat mulkini qo‘riqlashdagi zahmatli mehnat va vatanparvarlik targ‘iboti uchun 9221-sonli harbiy qism ham rag‘batlantirildi.

Bundan tashqari, kombinat tarkibiy bo‘linmalarida ham bayram tadbirlari o‘tkazilib, unda ko‘p yillar davomida mehnat qilgan 653 nafar ishchi-xodimlarga “Mehnat faxriysi” unvoni taqdim etildi.

Shuningdek, bayram munosabati bilan kombinat tarkibiy bo‘linmalariga biriktirilgan ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida va saxovat uylarida ham bayram dasturxonlari yozildi.

Bir so‘z bilan aytganda kombinat mehnat jamoasi konchi-metallurglar kunini munosib nishonlashdi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech