Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda korrupsiyaga qarshi kurash: samaradorlik va huquqiy madaniyat ustuvorligi

01 Iyun 2026, 14:38 274

Vazirlar Mahkamasining  2026-yil 24-apreldagi “2026-2027 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyati yuksaltirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori, Tog'-kon sanoat va geologiya vazirligining 58-sonli buyrug'i hamda OKMKning 700-sonli buyrug'i ijrosini ta'minlash maqsadida “Jonajon kombinatimizni korrupsiyadan mutlaqo holi hududga aylantiraylik!” shiori ostida har hafta muntazam ravishda o'tkazib kelinayotgan navbatdagi profilaktik tadbirlar 3-Mis boyitish fabrikasi, Yoshlik-1 koni direksiyasi hamda Ohak zavodi kabi tarkibiy bo'linmalarda tashkil etildi.

Tadbirlarda O'zbekiston Respublikasi Din ishlari bo'yicha qo'mitasining Olmaliq shahridagi vakili - Olmaliq shahar hokimining diniy masalalar bo'yicha maslahatchisi Jamshid Pardayev, OKMK Komplayens bo'limi mas'ul xodimi Gulnoza Sabriyeva, Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda so'zga chiqqan mas'ullar mamlakatimizda diniy bag'rikenglik ta'minlangani, har kim o'zi istagan dinga e'tiqod qilish huquqiga ega ekanligini qayd etib, din niqobi ostidagi ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib qolmaslik lozimligini, mamlakatimizda ta'qiqlangan saytlarga kirmaslik, bilib-bilmay ekstremistik ruhdagi kontentlarga layk bosmaslik ta'kidlandi.

Shuningdek, hozirgi kunda tobora ko'payib borayotgan firibgarliklar, ayniqsa, internat tarmog'i orqali keng tarqalayotgan onlayn tovlamachilardan ehtiyot bo'lish, onlayn qimorlar va kiberjinoyatlarning qurboniga aylanmaslik, shaxsiy ma'lumotlarni begonalarga oshkor etmaslik lozimligi uqtirildi.  Har bir ishchi-xodim nafaqat moliyaviy operatsiyalarda, balki ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ham hushyor bo'lishi, har qanday shubhali harakat uchun qonuniy javobgarlik muqarrar ekanligi ta'kidlandi.

- Mutaxassislarning fikricha, korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlatning, balki butun jamiyatning vazifasi bo'lib, bunda jamoatchilik nazorati va aholining huquqiy madaniyati hal qiluvchi ahamiyatga ega, - deydi Gulnoza Sabriyeva. - Korrupsiya demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga, fuqarolarning davlat va hokimiyat organlariga bo'lgan ishonchiga putur yetkazadi, inson huquqlarining poymol bo'lishiga olib  Bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga va biznesdagi halol raqobatga to'sqinlik qiladi, alohida sohalar va faoliyat turlarining  monopollashuviga  sabab bo'ladi. Byudjet mablag'larini cheksiz miqdorda noqonuniy o'zlashtirishga shart-sharoit yaratib beradi. Oddiy insonlarning hayot kechirish sifatini  yomonlashtiradi, jamiyatda ijtimoiy  tengsizlikni keltirib chiqaradi, kambag'al, qashshoq va  nochor fuqarolar  soni  keskin  ko'payib ketadi. Uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa huquqbuzarliklar uchun sharoit yaratib beradi va boshqa ko'plab salbiy oqibatlarga  olib keladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga yo'llagan Murojaatnomasi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasini mutlaqo yangi darajaga olib chiqdi.

Murojaatnomada 2026-yil — korrupsiyaga qarshi kurashda “favqulodda holat” yili deb e'lon qilindi. Bu davlat siyosatida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatning eng yuqori bosqichi sifatida belgilandi, desak mubolag'a bo'lmaydi. 2026-yilning “favqulodda holat” yili deb e'lon qilinishi korrupsiyaga qarshi kurashni tizimli raqamlashtirish va manfaatlar to'qnashuviga chek qo'yish orqali davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishiga aylantirdi.

Agar siz korrupsiyaviy holatlarga duch kelsangiz yoki shubhali harakatlarni kuzatsangiz, qo'rqmasdan quyidagi aloqa kanallari orqali xabar berishingiz mumkin. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi to'liq kafolatlanadi:

Ishonch telefoni: (+998 71) 619 23 33 yoki (+998 71) 619 51 16;

Telegram bot: @agmk_bot

Elektron pochta: stop.corruption@agmk.uz.

Eslatib o'tamiz, bu kabi tadbirlar barcha tarkibiy bo'linmalarda o'tkazilishi ko'zda tutilgan bo'lib, tadbirlarda «Manfaatlar to'qnashuvining oldini olish va bartaraf etish», «Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish», shuningdek “Prezidentimizning 2025 yil 26 dekabrdagi O'zbekiston xalqi va Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasi” kabi mavzular qamrab olinadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech