Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda mini-futbol turniri: “Qalmoqqir” KB turnir gʻolibi

26 Avgust 2026, 9:18 78

Mini-futbol — jismoniy chiniqish, chaqqonlik va jamoaviy hamjihatlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi sport turlaridan biridir. 1930-yilda Urugvayda ilk bor tashkil etilgan ushbu o‘yin qisqa fursatda dunyo miqyosida ommalashib, bugungi kunda turli kasb va soha vakillari orasida sevimli bellashuvlardan biriga aylangan.

OKMKda ham ishchi-xodimlarning sog‘ligini mustahkamlash, ularning mehnatga bo‘lgan layoqatini oshirish shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan joriy yilning 22–23-avgust kunlari mini-futbol bo‘yicha turnir tashkil etildi.

Musobaqaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan OKMK Xodimlari kasaba uyushmasi kengashi Jismoniy tarbiya va sport bo‘limi boshlig‘i Hokim Boxirov hamda ma’naviy-ma'rifiy va sport ishlari bo‘yicha bosh mutaxassis Sherali Kucharovlar yurtimizda so‘nggi yillarda sportni rivojlantirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga qaratilayotgan e’tibor xususida to‘xtalib o‘tdilar.

Ta’kidlanganidek, bu kabi musobaqalar ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan birga, jamoalar o‘rtasida do‘stona muhit va hamjihatlikni mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shundan so‘ng, jamoalar o‘rtasida qur’a tashlash marosimi o‘tkazilib, unda 25 ta jamoalarning olimpiya tizimi asosida bahs olib borishi belgilandi.

Qiziqarli va shiddatli vaziyatlarga boy bo’lgan uchrashuvlar yakuniy natijalariga ko’ra, uchinchi o’rinni Mis boyitish fabrikasi jamoasi, ikkinchi o‘rinni esa Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati jamoasi egalladi.
Finalda “Qalmoqqir” KB jamoasi ustunlik bilan birinchi o’rinni qo’lga kiritib, turnir g’olibi deya e’tirof etildi.

Ikki kun davom etgan sport musobaqasi nafaqat g‘olib va sovrindorlarni aniqladi, balki kombinat ishchi-xodimlarini bir maqsad sari birlashtirgan ko‘tarinki ruhdagi turnir sifatida ham yodda qoldi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech