Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda nafosat va ehtirom ayyomi

06 Mart 2026, 17:40 36

Ayol — hayot gultoji, xonadon chirog‘i va mehr-muhabbatning tirik timsolidir. Dunyoning bor go‘zalligi, tabiatning eng nafis ranglari ayol zotining nafosatida mujassam. Zero, ayolni e’zozlagan yurtning ertasi yorug‘, maqsadlari ulug‘ bo‘ladi. Bahorning ilk ayyomi — 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni mamlakatimiz bo‘ylab o‘zgacha shukuh va yuksak tayyorgarlik bilan nishonlanmoqda. Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida faoliyat yuritayotgan aziz ayollar sharafiga “Metallurg” madaniyat saroyida tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbir avvalida so‘z olgan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov tinchlikning qadri, uni asrab-avaylash lozimligini, osuda yurtda mana shunday bayramlar bo‘lishini, yurtimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Kombinat rahbari o‘z nutqida ishlab chiqarish zanjirining eng mashaqqatli bo‘g‘inlarida ham ayollarning o‘rni beqiyos ekanligini, ular doimiy e’tiborda ekanligini e’tirof etib, barcha ayollarni samimiy muborakbod etdi.

Tadbir davomda kombinatning turli tarkibiy bo‘linmalarida fidokorona mehnat qilib, soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan 50 nafar ilg‘or ayollar OKMK Faxriy Yorlig‘i bilan tantanali ravishda mukofotlanishdi. Bu mukofotlar nafaqat mehnatning e’tirofi, balki nafosat sohibalariga bo‘lgan yuksak hurmat ramzi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirning badiiy qismida “Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi, onani madh etuvchi sahna ko‘rinishlari barchaga chinakam zavq ulashdi. OKMK futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilarining ko‘rgazmali chiqishlari ham barchga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, xushovoz xonanda Bahrom Nazarovning dilrabo taronalari tomoshabinlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Mazkur shodiyona OKMKda faoliyat yuritayotgan yetti yarim mingdan ziyod xotin-qizlarga ko‘tarinki kayfiyat va kelgusi ishlarida yangi zafarlar uchun ulkan kuch bag‘ishladi.

Ma’lumot uchun: 2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 7761 nafar xotin-qizlar turli sohalarda samarali mehnat qilib kelmoqdalar.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech