Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ilm-fanning ishlab chiqarishga integratsiyasi yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, innovatsion ishlanmalarning sanoatga tatbiq etilishi yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida samarali izlanishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2022 – 2024 yillarga mo‘ljallangan “Olmaliq KMK” AJ “Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi”ni rivojlantirish va yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish dasturi ijrosi bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilayapti.
Xususan, birlashma qoshidagi O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markazi mutaxassislari yangi turdagi mahsulotlarning ilk namunalarini olishga muvaffaq bo‘lishdi.
Ushbu mahsulotlardan biri yuqori darajada mustahkamlik va egiluvchanlikka ega nikel asosli yangi superqotishmadir.
Qotishmadan uzoq ishlaydigan, masalan, avtomobilsozlik, ichki yonuv dvigatellari, yuqori issiqlikda ishlovchi qurilmalar, neft-gaz sohasida, aerokosmik ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Hozir dunyo davlatlarida inconel degan nikel asosli qotishma bor. Bu rivojlangan avtomobilsozlikda ko‘p ishlatiladi. Asosan, Chevrolet, Hyundai, Kialar motorida shunday material ishlatiladi.
Yangi ixtiro nikel asosli superqotishmalar oilasiga mansub bo‘lgan metall kompozitsiya hisoblanadi. Uning afzalligi oksidlanish darajasi yo‘qligida, ya'ni korroziyaga uchramaydi, shu sabab uzoq muddat yaroqli bo‘ladi. Zichligi pastligi hisobiga yengil, lekin bu mo‘rt degani emas. Ya'ni u yengil, mustahkam, egiluvchan, har xil harorat va iqlimlarda sinib ketmaydi, tashqi muhit ta'sirini olmaydi. Yangi superqotishma yengil bo‘lishi bilan birga, juda yuqori haroratga bardoshli hisoblanadi va yengil quyiladi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha o‘tgan haftada laboratoriya va yarim sanoat sharoitida kombinatda nikel asosli yangi superqotishmaning ilk namunasi olindi. Ushbu qotishmaga Yevropa, Osiyo va AQShda ham talab juda katta. Shuningdek, mutaxassislarning ma'lum qilishicha, ushbu superqotishmadan yaqin kelajakda yuqori qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish ham o‘zlashtiriladi.
Yana bir yangi mahsulot ammoniy oktamolibdat bo‘lib, u tutunni kamaytiruvchi va olovni so‘ndirish xususiyatiga ega. Ushbu modda barcha plastik mahsulot(polivinilxlorid)lariga qo‘shilganda birinchi navbatda yong‘inni o‘chirish xususiyatga ega. Eng afzallik jihati, plastik qurilish materiliga qo‘shilganda uning yonuvchanligini to‘xtatishi bilan ahamiyatli. Shuningdek, ushbu mahsulot dunyo bozorlarida avtomobil interyeri, aviakosmik inter'eriga, kabellarga qo‘shiladi.
Ushbu mahsulotni olishda amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar o‘z natijasini uzoq kuttirmadi. 23 avgust kuni ammoniy oktamolibdat 99,99% sof holatda olinishga erishildi. Ayni paytda marketing ishlari olib borilmoqda. Mazkur mahsulotni katta hajmda ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Hozirda ilk namunalarini yarimsanoat sharoitida ishlab chiqarildi. Ushbu mahsulot molibden asosidagi mahsulot sanaladi. O‘ylaymizki, bu mahsulotimiz qurilish sohasida ham keng qo‘llanilib, sohada inqilob yasaydi.
Kombinat mutaxassislari va olimlarining ushbu yutuqlari mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligiga o‘ziga xos sovg‘a bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
OKMK Axborot xizmati