Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda oqova suvlarni tozalash bo‘yicha fin tajribasi qo‘llanilmoqda

22 Aprel 2025, 8:35 1229

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida samarali ishlar bajarilmoqda.

Xususan, kombinat texnologik ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘layotgan kislotali va ishqorli oqova suvlarni tozalash bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi bor Finlandiya tajribasi qo‘llanilmoqda.

2024-yilda O‘zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Finlandiyaning "EPSE OY" kompaniyasi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining oqova suvlarini tozalash bo‘yicha tajriba loyihasini qo‘llash bo‘yicha 3 tomonlama shartnoma imzolangan edi.

Ayni kunlarda Finlandiyaning "EPSE OY" kompaniyasi kislotali va ishqorli oqova suvlarini tozalash bo‘yicha pilot loyihasini kombinatda joriy etishga kirishdi. Tajriba tariqasida pilot qurilma Angren kon boshqarmasining "Ko‘ch-buloq" konining tozalash inshootlariga o‘rnatildi va sinov ishlari olib borilmoqda.

E'tiborlisi, kompaniya pilot loyiha davrida maxsus reagentni qo‘shish evaziga ohak sarfi 60% ga qisqartiriladi. Shuningdek, tozalash jarayonidagi suv talab darajasiga yetkaziladi. Tozalash jarayonida hosil bo‘layotgan quyqa tarkibidan esa rangli metallarni ham ajratib olish imkoniyati yaratiladi.

Sinovlar yakunida, Finlandiyalik mutaxassislar loyihaning tejamkorligi va samaradorligini isbotlashi va ushbu zanjirni sanoat miqyosida qo‘llash hamda kimyoviy suv tozalash inshootlari ishlash samaradorligini 99,5 % ga yetkazish bo‘yicha xulosa berishi kerak. Bu xulosa kombinatning Angren kon boshqarmasi hamda Rux va Mis eritish zavodlarining tozalash inshootlari uchun olinadi.

Sinov tahlillarining dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu loyihaning amalga oshirilishi sanoat oqova suvlarining zararli ta'sirini yuqori darajada kamaytirish imkonini beradi. Kelgusida esa bu tajriba O‘zbekistonning barcha sanoat korxonalarida qo‘llanilishi rejalangan.

Sherzod Tilovberdiyev

Bo`lishmoq:
Text to speech