Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33“Olmaliq KMK” AJ rahbariyati tomonidan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirish, texnik va texnologik jihozlarni qayta jihozlash va modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish obyektlarini qurish bilan birga raqamlashtirish darajasini oshirishga alohida e'tibor qaratilgan.
“Olmaliq KMK” AJni transformatsiya qilish doirasida kombinatning biznes jarayonlari va texnologik jarayonlarini avtomatlashtirish darajasini oshirish maqsadida 2022 yil uchun 27 ta chora-tadbirdan iborat ish rejasi tasdiqlandi va qo‘shimcha 30 dan ziyod loyihalar joriy etilmoqda.
Mazkur ishlar doirasida kombinat ishchi-xodimlariga beriladigan davolash-profilaktik va bepul ovqatlanish talonlari qog‘oz shaklidan elektron talonlarga almashtirilmoqda.
Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi va Ijtimoiy ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda «E-Talon» axborot tizimi ishlab chiqildi.
Har bir ishchi-xodimning korxona hududiga kirish uchun berilgan ID karta ushbu dasturga integratsiya qilingan. Kartadan bir vaqtning o‘zida korxona hududiga kirish va ovqatlanish uchun elektron talon sifatida foydalansa bo‘ladi.
Bugungi kunda Mis boyitish fabrikasida va Mis eritish zavodida ishchi-xodimlar uchun beriladigan qog‘oz shaklidagi ovqatlanish talonlari elektron talonlariga almashtirildi. Ushbu tizim oshxonalarda test rejimida ishlamoqda. Kombinatning qolgan tarkibiy bo‘linmalari ham ushbu tizimga bosqichma-bosqich o‘tishi rejalashtirilgan.
Ushbu dasturga muvofiq mas'ul shaxs tomonidan har bir shaxsning ID kartasiga bir oylik ish normasidan kelib chiqqan holda ishchi-xodimlarning kasbi va jamoa shartnomasiga ko‘ra davolash-profilaktik taloni va soliq solinadigan bepul oziq-ovqat taloni elektron ko‘rinishda yuklab beriladi.
Ishchi-xodimlar 0184-05 sanitar normalar va qoidalarning 2,4 ratsionlariga muvofiq taomlarni olib, ID karta orqali elektron to‘lov hisob-kitob qiladi.
Ishchi-xodim tomonidan foydalanilmay qolib ketgan talonlar har oyning oxirgi kuni avtomatik ravishda bekor qilinadi va yangi oyga bir oylik ish normasidan kelib chiqib elektron talon yuklanadi.
Agarda ishchi-xodimga elektron talonlar oyning boshida yuklab berilsada ishchi-xodim navbatdagi mehnat ta'tiliga chiqsa yoki mehnatga layoqatsizlik ta'tilida bo‘lsa, oshxonada ovqatlangan kunlari uchun buxgalteriya tomonidan hisob-kitob qilinadi.
Ushbu ID kartalarni boshqa shaxslar tomonidan foydalanish qat'iy taqiqlanadi.
Ushbu tizim to‘liq ishga tushishi natijasida qog‘oz talonlarni chop etish, ularni tarqatish, hisobotini yuritish kabi jarayonlardan voz kechiladi. Hisobotni avtomatik ravishda yuritish, resurslardan unumli foydalanish imkonini beradi. Bir so‘z bilan aytganda, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olinib, vaqt tejaladi.
OKMK Axborot xizmati