• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda quyosh fotoelektr stansiyalari barpo etilmoqda

24 Noyabr 2022, 12:52 1030

XIX asr o‘rtalarida fizikada ko‘plab yutuqlar qatori elektr energiyasi, magnetizm va yorug‘likni o‘rganish bo‘yicha tajribalar bilan rivojlandi. Quyosh energiyasining asoslari ushbu kashfiyotning bir qismidir, chunki ixtirochilar va olimlar texnologiyaning keyingi bosqichiga zamin yaratishdi. Fotovoltaik effekt quyosh PV texnologiyasining kalitidir. Fizika va kimyo kombinatsiyasi bo‘lgan fotovoltaik effekt, yorug‘lik paytida materialda elektr toki paydo bo‘lganda yuzaga keladi.

Quyosh fotoelektr stansiyalari — ekologik toza, xavfsiz va  iqtisodiy tejamkor stansiya hisoblanadi. Uning ish tamoyili quyidagicha: Quyosh nurlari quyosh panellariga tushadi, quyosh nurlari doimiy tok ko‘rinishiga aylantiriladi va akkumulyator batareyalarida saqlanadi. Invertor yordamida doimiy tok o‘zgaruvchan tokka aylantiriladi va elektr tarmog‘iga uzatiladi.

Quyosh fotoenergetikasi (FE) jahon bozorida 2005-yildan beri yiliga o‘rtacha 40 % ga o‘sib bormoqda. Kelgusi 20 yil ichida quyosh fotoenergetikasi tufayli 2 milliondan ortiq ish o‘rinlarini yaratilishi kutilmoqda. Natijada, atmosferaga chiqayotgan 350 mln tonna CO2 gaz chiqindilari kamayadi, 140 ta ko‘mir bilan ishlaydigan elektr stansiyalari ishi to‘xtatiladi. Quyosh fotoenergetikasining umumiy quvvati 2030-yilga borib 650 GVt ni tashkil etadi.

Yirik sanoat korxonasi bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham yashil iqtisodiyotga o‘tish bosqichi allaqachon boshlab yuborilgan. Kombinat obyektlarini muqobil elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida quyosh batareyalarini o‘rnatish loyihalari amalga oshirilmoqda. Xususan, OKMK sport majmuasida quyosh fotoelektr stansiyasining qurilish ishlari 10-noyabrda boshlangan edi. Tez orada ishlar yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshiriladi.  Mazkur fotoelektr stansiyasi Ijro apparatini elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. Stansiya “Solar Nature” MChJ tomonidan barpo etilmoqda. Mazkur korxona loyihalash bo‘limi boshlig‘i Isfandiyor Kamolovning ma'lum qilishicha OKMK sport majmuasida qurilayotgan stansiya soatiga 350 kilovatt elektr energiyasiga ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra OKMK Ijro apparati soatiga 500 kilovatt elektr energiyasi iste'mol qilsa, shuning 350 kilovattini stansiya yetkazib beradi.

Shuningdek, kombinat buyurtmasiga binoan, yana 2 ta  150 va 250 kVtlik loyiha amalga oshirilmoqda. Uning bittasi tibbiyot muassasasiga ikkinchichi esa Elektr tarmoqlari boshqarmasining energota'mir sexiga xizmat ko‘rsatadi. Mazkur stansiyalar “Pers” texnologiyasi asosida ishlaydi. Bu texnologiyaning afzalligi shundaki yerga tushib batareya orqasiga qaytgan quyosh nurini ham elektr energiyasiga aylantirib beradi.

Ma'lumot o‘rnida, ayni vaqtda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqaradigan ikkita yirik Quyosh fotoelektrostansiyalari ishga tushirilgan. Yillik quvvati 260 million kiloVatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan stansiyalardan biri 2021-yilda Navoiy viloyatining Karmana tumanida, ikkinchisi esa 2022-yilning may oyida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida foydalanishga topshirildi. OKMKda ham yaratilayotgan yashil iqtisodiyot samarasi korxonaning elektroenergiyaga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlab, ishlab chiqarish jarayonlarini jahon standartlariga moslashtirish imkonini beradi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech