Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-332022-yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida raqamlashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, raqamli transformatsiya yo‘nalishida 48 ta loyiha bo‘yicha ishlar yakunlandi.
Boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish va ish yuritish jarayonini raqamlashtirish maqsadida “Directum RX” elektron hujjat almashinuv tizimi joriy etildi. Bu esa boshqaruv va ish yuritish jarayonida qog‘oz hujjatlar bilan ishlashni keskin qisqartirish imkonini berdi. Tizimda 100 ta hujjat turlari raqamlashtirilib, qog‘oz hujjatlar aylanishi 70 foizga qisqartirildi.
“Xaridlar va ombor yuritish” elektron tizimi ishga tushirildi. Natijada ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun xomashyo, uskuna va ehtiyot qismlarga yillik buyurtmalarni shakllantirish 25 foizga optimallashtirildi hamda omborlardagi tovar-moddiy boyliklar qoldiqlari 260 mlrd so‘m kamaytirildi.
1930-2021 yillarda tayyorlangan jami 2 478 ta geologik hujjatlar, 874 ming pogonometr uzunlikda burg‘ilangan quduqlar bo‘yicha ma'lumotlar JORC kodeksi asosida raqamlashtirilib, ularning yagona elektron bazasi “Datashed” va “Logchief” (Avstraliya) dasturiy ta'minoti “SRK Consulting” kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratildi.
Kombinat xodimlarini asosiy ish joyidan ajralmagan holda onlayn o‘qitish maqsadida Learning management system dasturiy ta'minoti ishga tushirildi. Natijada yiliga 10 000 nafar xodim o‘qitiladi va o‘qitish xarajatlari 15 foizga qisqaradi.
Kombinat poliklinikasi va profilaktoriyasida 26000 dan ortiq xodimlarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish, hamda tibbiy ko‘rik va muolajalar belgilash, onlayn monitoring va hisobot shakllantirish “Meddata” tizimi joriy etildi.
OKMK tasarrufdagi 10200 dan ortiq xonadonlarning kommunal xizmatlari elektron shaklga o‘tkazilib, billing tizimi joriy etildi. Natijada, issiq suv, isitish tizimi va kommunal to‘lovlarni onlayn shaklda amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Ob'yektlarga kirib-chiqish nazorati “E-Ruxsat” tizimi joriy qilinishi 3 turdagi qog‘oz ruxsatnomalarni bekor qilinishiga, buyurtma va hisobot vaqti 2 martaga qisqarishiga olib keldi. Ovqatlanish uchun elektron talon “E-Talon” tizimi esa oyiga 200 mingdan ortiq qog‘oz talon, muhrlash, tarqatish qisqarib, hisobot 7 martaga tezlashtirilshini ta'minladi. “Geolog” laboratoriya ma'lumotlar bazasi esa yozma turdagi jurnallardan voz kechilishiga, 2 kun talab etilgan qog‘oz shakldagi ma'lumot almashinuvi qisqarishiga sabab bo‘ldi. Nazorat o‘lchov asboblari ta'miri - “ARM KIPiA” tizimida esa 5 turdagi qog‘oz hujjatlar raqamlashtirilib, buyurtma vaqti 4 martaga qisqartirildi. Ma'lumot xavfsizligini ta'minlovchi “DLP” tizimi, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish nazorati tizimi, xodimlarning ish haqi ma'lumoti “Oylik bot” (ma'lumot varaqlarini chop etish, kesish, tarqatish, arxivda saqlash qisqartirilib, yiliga 500 mingdan ortiq qog‘oz varaqlari tejaldi) tizimlari joriy etildi.
Ushbu tizimlarning joriy etilishi hisobiga yiliga 10 tonnadan ortiq qog‘oz (2 mln dona varaq) tejalib, qog‘oz hujjatlar bilan bog‘liq operatsiyalarga ishchi resurslari va vaqt sarfi optimallashtirildi.
OKMK tarkibiy bo‘linmalari bo‘sh ish rezyumelarni onlayn jo‘natish tizimi, kombinat bog‘chalariga onlayn navbatga qo‘yish tizimi, sihatgohlarga elektron yo‘llanmalar tizimi, mehnat ta'tillarini hisobini yuritish tizimi, hamda telegram ijtimoiy tarmog‘ida @agmk_bot rasmiy telegram boti joriy etildi. Natijada ijtimoiy sohadagi ish jarayonlari soddalashtirilib, shaffoflik ta'minlandi.
Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va zamonaviy axborot tizimlarini qo‘llash maqsadida Avtotransport “GPS” monitoringi “Wialon” tizimini takomillashtirilishi hisobiga transport vositalarining ish jarayonini to‘liq tahlil qilish va ulardan foydalanish samaradorligi oshirildi. Natijada, 2022-yilda 13 800 tonnadan ziyod yonilg‘i (210 mlrd so‘m) iqtisod qilindi.
Yonilg‘i-moylash materiallari nazorati tizimida avtotransportga yoqilg‘i quyishga ID karta orqali ruxsat berish, kunlik limitlarni monitoring qilish hamda hisobotlarni elektron formatda yuritish ishlari yakunlandi. Natijada, 2022-yilning sentyabr-dekabr oyida 27 mlrd so‘m iqtisod qilindi. Shuningdek, yonilg‘i quyish shoxobchalarida xizmat ko‘rsatish vaqti sezilarli tezlashdi va shaffoflik ta'minlandi.
Mis boyitish fabrikasida “PI System” (Plant Information System) tizimi joriy etildi. Ushbu tizim texnologik jarayondagi ma'lumotlarni konsolidasiya va vizualizasiya qilish hamda qurilmalarni 10 mingdan ortiq signallar orqali onlayn nazorat qilishi hisobiga tezkor yechimlarni qabul qilish vaqti 2 barobarga qisqardi, uskunalarning samaradorligi 5 foizga oshdi.
Sherobod sement zavodida tayyor mahsulotni yuklab jo‘natishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilib, 5 turdagi qog‘oz hujjatlar elektron shaklga o‘tkazildi, ushbu jarayonning shaffofligi va samaradorligi hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish tezligi 2 barobarga oshdi.
Angren kon boshqarmasi “Qizil-olma” va “Razvedochnaya” shaxtalarida avtomatlashtirilgan kon dispetcheri tizimi ishga tushirildi Shaxtalarda elektron tibbiy ko‘rik tizimi, 44 ta transport va texnik vositalar ishini monitoring qilish hamda 759 nafar xodimlarning harakatini kuzatish va xavfsizligini ta'minlash, shuningdek videokuzatuv tizimi va sifatli radio aloqa bilan ta'minlandi.
Mis boyitish fabrikasida elektroenergiya sifatini va iste'molini monitoring qilish tizimi pilot tarzda ishga tushirildi. Natijada, elektr energiyasi xarajatlari 4 foizgacha kamaytirilish imkoniyati yaratildi.
Xodimlar malakasini oshirish maqsadida MTTU MISiSning Olmaliq filialida “SIEMENS” (Germaniya), “AVEVA” va “Datamine” (Buyuk Britaniya) kompaniyalari bilan hamkorlikda o‘quv laboratoriyasi tashkil etilib, kadrlarni xalqaro standartlar darajasida o‘qitish va sertifikat berish yo‘lga qo‘yiladi.
“SIEMENS” va “SAP” (Germaniya), “AVEVA” va “Datamine” (Buyuk Britaniya), “Schneider Electric” (Fransiya) va boshqa xalqaro kompaniyalar bilan imzolangan 15 ta anglashuv memorandumlari doirasida xorijiy kompaniyalar raqamlashtirish sohasidagi tajribasi o‘rganilib, yangi loyihalar amalga oshirilmoqda hamda kombinatni raqamli transformasiya qilish bo‘yicha quyidagi ustuvor loyihalar belgilab olindi.
Jumladan, moliya, g‘aznachilik, ishlab chiqarish va savdo faoliyatini, shuningdek, biznes jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish maqsadida hamda mahsulot tannarxini 3 foizga (29,3 mln doll.) pasaytirish, daromadlarni
2-3 foizga (85,2 mln doll.) o‘sishini nazarda tutgan holda “KPMG” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Konsepsiya asosida SAP ERP tizimi joriy etiladi (2023-2025 yy).
Ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish va tezkor boshqarish maqsadida MES tizimini 2023-yil IV choragida ishga tushirish evaziga uskunalarning foydali ish samaradorligi 5 foizga oshirilib, rejadan tashqari to‘xtash vaqti 15 foizga qisqartiriladi. Bu o‘z navbatida mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va sifatini ta'minlash imkonini beradi.
“Qalmoqqir” va “Yoshlik I” konlarida ishlarni bajarishda tezkor boshqaruv tizimini 2023-yil IV choragida joriy etilishi hisobiga tog‘ jinsini tashish hajmi 10 foizga ko‘payib, samaradorlikni oshirish imkoniyati (21 mln doll) yaratiladi. Shuningdek, kon texnikalaridan foydalanish xarajatlari 5 foizga, yonilg‘i sarfi 9 foizga kamaytiriladi.
OKMK Axborot xizmati