"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 2-dekabr kuni metallurgiya korxonalarining transformatsiya dasturlari hamda 2025-yilgi rejalari bilan tanishish chog‘ida joriy yilda kombinatlar transformatsiya orqali dunyo bozorida raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha katta o‘zgarish qilishi zarurligini ta'kidlagandi. Bunda tannarxni tushirish, faoliyatni to‘liq raqamlashtirish, xalqaro bozorlardan mablag‘ olib kelish, yangi texnologiyalarni joriy qilib, ish jarayonini avtomatlashtirish eng muhim vazifalar ekanligini qayd etdi. Mazkur vazifalarning ijrosi bo‘yicha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Transformatsiya jarayoni kombinatda qaysi yo‘nalishlarda olib borilayapti? Transformatsiya nima, shu va boshqa savollarga javobni OKMK ESG va xalqaro reytinglar, transformatsiya loyiha ofisi, OKMK Transformatsiya ESG tartibi va xalqaro reytinglar loyiha ofisi boshlig‘i O‘tkur To‘rayev taqdim etgan ma'lumotlardan to‘liq olishingiz mumkin.
Avvalo transformatsiyaning o‘zi nima degan savolga javob izlaydigan bo‘lsak, uning ta'rifida aytiladiki, biron-bir narsani, uning xususiyatlari, strukturasi va ba'zida shaklining tubdan o‘zgarishiga transformatsiya deyiladi. Ya'ni biror jarayonga jiddiy o‘zgartirish kiritish transformatsiyaga olib keladi. Har qanday korxona va kompaniyalar sog‘lom raqobat sharoitida inqirozga yuz tutishni istamasa, albatta doim o‘zgarib rivojlantirib turilishi kerak.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida transformatsiya jarayoni 5 ta yo‘nalishda amalga oshirilayapti.
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish yo‘nalishida “Ernst & Young” kompaniyasi ishtirokida xalqaro moliyaviy instrumentlar hisobot standarti joriy etildi va 2019-2023 yillar uchun IFRS hisoboti tayyorlandi. “S&P Global Ratings” tomonidan kombinatga “B+” hamda “Fitch Ratings” tomonidan “BB–” “barqaror” kredit reytinglari berildi.
Xalqaro moliya institutlari va eksport-kredit agentliklari (ECA) talablariga muvofiq “Deloitte and Touche” bilan birgalikda operasion moliyaviy modelь ishlab chiqildi. “Grant Thornton Valuation” tomonidan asosiy aktivlarning bozor qiymati xalqaro standartlarga muvofiq baholandi.
Ushbu tadbirlar evaziga 1,9 mlrd dollar kredit to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etilib, moliyaviy xarajatlar 125 mln dollarga qisqartirilishiga erishildi.
Korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish yo‘nalishi bo‘yicha Prezidentimizning “Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4611-son qaroriga ko‘ra, IFRS asosida buxgalteriya hisobini joriy etish, moliyaviy hisobotlarni tayyorlash, strategik rivojlanish jarayonlarini tadbiq etish maqsadida Transformatsiya, ESG tartibi va xalqaro reytinglar loyiha ofisi tashkil etildi.
Strategiya va operatsion samaradorlik yo‘nalishi bo‘yicha “SRK Consulting” kompaniyasi tomonidan JORC (2012) kodeksi asosida mineral resurslar zahirasi qayta hisoblandi. Kanadaning “HATCH” kompaniyasi bilan birgalikda 2030-yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi.
“KPMG AUDIT” kompaniyasi tomonidan kombinatning xaridlar va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha “forenzik” auditi o‘tkazildi.
“PwC Central Asia and Caucasus” kompaniyasi bilan “mis zanjiri” (Qalmoqir koni, MBF, MEZ) bo‘yicha jarayonlar tahlil qilinib, 5 ta yo‘nalish (kon ishi, boyitish va eritish, aktivlarni boshqarish, yoqilg‘i-energiya va materiallar iste'moli, tashkiliy tuzilma)dan iborat operasion samaradorlikni oshirish yo‘l xaritasi amalga oshirilmoqda.
“Ernst & Young” kompaniyasi tomonidan Komplayens xizmati hamda Moliyaviy risklar va kovenantni boshqarish bo‘limi xodimlarining lavozim majburiyatlari tayyorlandi, xodimlar malakasi oshirildi hamda risk xaritalari va 18 ta ichki me'yoriy hujjatlar joriy qilindi.
Ma'lumot uchun: ISO 50001:2018 – Energiyani boshqarish tizimi, ISO 14001:2015 – Atrof-muhitni boshqarish tizimi va ISO 45001:2018 – Sog‘liqni saqlash va mehnat xavfsizligini boshqarish tizimi xalqaro sertifikatlari olindi.
Barqaror rivojlanish (ESG) yo‘nalishi bo‘yicha “The Copper Mark” assosiatsiyasi bilan birgalikda “mas'ul mis ishlab chiqaruvchi” sertifikatini olish bo‘yicha 5 bosqichdan iborat sertifikatlash jarayoni o‘tkazilmoqda. Hozirda “Mustaqil baholash” va mis ta'minot zanjiri auditi yakunlandi. Ushbu sertifikat kombinatning mis mahsulotlarini Yevropa bozorlarida yuqori narxlarda sotish hamda “yashil” investisiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
Shuningdek, joriy yilning fevral oyida “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan kombinatga barqaror rivojlanish (ESG)ning 56 balli (respublika kon-metallurgiya korxonalari ichida eng yuqori ko‘rsatkich) 3-reyting darajasi berildi.
Raqamlashtirish yo‘nalishida esa 1C:ERP Buxgalteriya, moliyaviy hisobot va ma'lumotlar konsolidatsiyasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etildi. Buning natijasida ma'lumotlarni yig‘ish va hisobotlarni shakllantirish vaqti 50 foizga qisqartirilib, ma'lumotlarda xatoliklar kamayishi hamda ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun xomashyo, uskuna va ehtiyot qismlarga buyurtmalarni (yillik va qo‘shimcha) shakllantirish jarayoni 25 foizga optimallashtirildi. Omborlardagi tovar-moddiy boyliklar qoldiqlari 15 foizga qisqartirildi. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida iqtisodiy samaradorlik yiliga kombinatda 9,1 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Kombinatda yonilg‘i-moylash materiallarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida umumiy hajmi 4,5 ming kub.m bo‘lgan 34 ta rezervuar, 15 ta yonilg‘i quyish shaxobchasi va 26 ta yonilg‘i tarqatish mashinalari yordamida iste'molchilarni yonilg‘i-moylash materiallari bilan ta'minlash jarayoni onlayn tarzga o‘tkazildi. Natijada haydovchilar ID karta yordamida operatorsiz yonilg‘i quyish, korrupsiya holatlarini oldini olish, xizmat ko‘rsatish vaqti 3 barobarga qisqarib, jami 6,4 ming tonna (89 mlrd so‘m) dizel yonilg‘isi tejab qolindi.
Mis boyitish fabrikasida 27 ta raqamli tenzometrik tarozilari o‘rnatildi va texnologik jarayonda ruda vaznini o‘lchash aniqligi 99,8 foizgacha erishildi. Shuningdek, 7-monoseksiyani texnologik jarayonini avtomatlashtirish doirasida 37 ta dozator nasoslari va 5 ta yangi reagent rezervuarlari sozlanib, ishga tushirish evaziga reagent sarfi 5 foizga qisqardi. Bundan tashqari, bunkerda ruda darajasini nazorat qilish tizimi joriy etilib, tegirmonlarni bo‘sh ishlash holati 90 foizga kamaydi, rudadan mis ajratish darajasi 85 foizga oshirildi.
2025-yilda ham oldimizda bir qator vazifalar turibdi. Xususan, Iqlim strategiyasini ishlab chiqishga Osiyo taraqqiyot bankining grant mablag‘larini jalb qilish choralari ko‘riladi, IFRSning S1 va S2 hisobotlari tayyorlanadi.
“Copper Mark” sertifikatini olish doirasida “Takomillashtirish rejasi” may oyiga qadar ishlab chiqiladi. Mas'uliyatli mis ishlab chiqaruvchisi sertifikati joriy yil oktyabr oyiga qadar olinadi.
Operatsion samaradorlikni oshirish orqali ma'dan qazib olish 2 mln tonnagacha oshiriladi, energiya sarfi maqbullashtiriladi.
Yevro obligatsiyalarni dastlabki joylashtirish ishlari amalga oshiriladi.
ISO 27001 (Axborot xavfsizligi) xalqaro sertifikatini olishning tayorgarlik bosqichlari amalga oshiriladi.
Muhandislik maktabida dual ta'lim dasturiga Germaniya standartlariga muvofiq asosida sertifikat olinadi.
2030-yilga qadar Iqlim strategiyasini ishlab chiqish, bunda, jumladan, issiqxona gazlari chiqindilarining hajmini 15 foizga qisqartirishni hamda har yili 370 ming daraxt ekish nazarda tutilgan.
“Yoshlik I” va “Qalmoqqir” konlarida biznes jarayonlarini raqamlashtirish (ASU GTK) orqali tog‘ jinsini tashish hajmi 10 foizga ko‘paytiriladi.
ERP, IMP va MES tizimlarini joriy etish orqali sof foydani 2 foizga oshirish, xarajatlarni 4 foizga qisqartirish bosh maqsadalarimizdan sanaladi.
OKMK Axborot xizmati