Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda xavfsiz mehnat — ustuvor vazifa

11 Mart 2026, 10:56 29

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiy boʻlinmalarida Mehnat muhofazasi va Sanoat xavfsizligi departamenti tomonidan muntazam ravishda profilaktik tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

Mana shunday profilaktik tadbirlardan navbatdagisi Sanoat temir yoʻl transport boshqarmasida tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bosh davlat inspektori B.Kuchkarov, OKMK Mehnat muhofazasi va Sanoat xavfsizligi departamenti boshligʻi Sh.Joʻrayev, Olmaliq sanoat xavfsizligi inspeksiyasi boshligʻining oʻrinbosari Z.Berdikulov, STTB boshligʻi S.Manazarov, korxona rahbariyati, bosh mutaxassislari, kasaba uyushmasi raisi, tarkibiy boʻlinmalarining MM, XT va SX boʻlimi xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda joriy yilning 21-yanvar kuni STTB Vagonlar xizmatida sodir boʻlgan baxtsiz hodisaning sabablari tahlil etildi.

Shuningdek, yigʻilishda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-sonli “Mehnatni muhofaza qilish sohasiga oid ayrim nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori” mazmun-mohiyati ham batafsil tushuntirib oʻtildi.

Tadbirda soʻzga chiqqan S.Manazarov sodir boʻlgan baxtsiz hodisa tafsilotlari va bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berdi.

Unga koʻra, baxtsiz hodisa tafsiloti va sabablari STTBning barcha sex xizmat va boʻlim xodimlari oʻrtasida muhokama qilingani, barcha sex xizmatlaridagi tokarlik dastgohida ish olib boradigan xodimlari navbatdan tashqari instruktajdan oʻtkazilgani, tokarlik dastgohida ish olib boradigan ishchi va muhandis texnik xodimlar mehnat muhofazasi boʻyicha navbatdan tashqari bilimlar sinovidan oʻtkazilayotganini maʼlum qildi.

Shuningdek, tegishli farmoyish asosida STTBning 43 nafar tokar va frezerlovchilariga muhandislik maktabida rejadan tashqari 40 soatlik malaka oshirish kurslari tashkil qilingani va hozirda oʻquv kursi yakunlangani, imtihonlarini kelasi hafta oʻtkazish rejalashtirilganini, ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi hamda texnologik jarayonlar talablariga rioya yetilishi yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida mexanika uchastkasiga qoʻshimcha videokuzatuv kamerasi oʻrnatilganini taʼkidladi.

Tadbirda soʻz olgan B.Kuchkarov, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-sonli “Mehnatni muhofaza qilish sohasiga oid ayrim nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun mohiyatini batafsil tushuntirib oʻtdi.

Yigʻilishda koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Iroda Аlmatova,

Mehnat muhofazasi va Sanoat xavfsizligi

departamenti muhandisi

Bo`lishmoq:
Text to speech