Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 10-iyun kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham ushbu yo‘nalish bo‘yicha muhim vazifalar belgilanib, barcha vazirlik va idoralar, hokimliklar, mahalla binolarini muqobil energiyaga o‘tkazish zarurligi ta'kidlangan edi. Mazkur vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Jumladan, joriy yilning o‘zida kombinatning ikkita ob'yektiga umumiy quvvati 750 kVt bo‘lgan fotoelektr stansiyalari qurilib, foydalanishga topshirildi. OKMK Energomenejer xizmati boshlig‘i v.b. Sadriddin Bashanovning ta'kidlashicha, mazkur yo‘nalishdagi istiqbolli vazifalar bardavomlik kasb etib, 2023-yil yakuniga qadar kombinatning 19ta ob'yektiga umumiy quvvati 9 MVtni tashkil etuvchi quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
2023-yilning ikkinchi choragi mobaynida 6 ob'yektda umumiy quvvati 2234 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan va bu ishlar kelgusi yil oxirigacha davom ettiriladi.
Ma'lumki bundan ikki yil oldin Navoiy viloyatida O‘zbekiston energetika tizimida birinchi ulkan qadam qo‘yilib birinchi fotoelektr stansiyasi qurilib foydalanishga topshirilgan edi. Shuningdek, 2023-2025 yillar davomida 100 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu fotoelektr stansiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Olmaliq KMK” AJning mavjud elektr tarmoqlariga ulash va elektr energiyasini ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish maqsadida kombinatning elektr energetika tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb etgan holda qurish va ushbu fotoelektr stansiyasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim”ga asosan uzoq muddat davomida kafolatgan tarzda sotib olish rejalashtirilgan.
Yuqorida keltirib o‘tilgan omillar 2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta'minlash konsepsiyasida belgilangan elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini, energoresurslar importiga bog‘liq bo‘lmagan holatda, ichki elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari hisobiga ta'minlash va bu orqali – energetik xavfsizlikni ta'minlash borasidagi maksadlarga hamohang holda kombinat energetika tizimida aniq maqsadli ishlar olib borilayotganidan dalolat beradi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan unumli foydalanish yer osti boyliklari va zaxiralarini tejash barobarida ekologiyaga chiqarilayotgan issiqxona gazlarining miqdorini kamaytirish imkonini beradi.
Axborot xizmati