Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Tabiiy resurslar zaxirasining muttasil ravishda qisqarishi, global ekologik muammolarning keskinlashuvi sharoitida ekspertlar vaziyatni o‘nglash uchun jahon iqtisodiyotida “yashil taraqqiyot” tamoyillarini joriy etish zarurligini ta'kidlamoqda. Mazkur yondashuv BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarida ham o‘z ifodasini topgan. 2019-yilda mamlakatimizning “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi” qabul qilindi. Yaqin o‘n yilda mamlakatda uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi, samarali energiya manbalaridan keng foydalanish ko‘zda tutilgan. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham bu borada samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, shu kunga qadar “Olmaliq KMK” AJning 98 ta ishlab chiqarish va ijtimoiy soha obyektlarida umumiy quvvati 9 041 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatildi. Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak kombinatning 85 ta obyektlarida 8 649 kVt, OKMKning homiyligidagi 13 ta obyektlarda 392 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatildi.
Joriy yilning 11 oyi davomida o‘rnatilib, ishga tushirilgan quyosh fotoelektr stansiyalar tomonidan 3 mln kVt.soatdan ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarilganini alohida ta'kidlash joiz. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi sanoat va ijtimoiy soha ob'ektlari ehtiyojlari uchun iste'mol qilindi.
Yana raqamlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, yildan-yilga OKMKda quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan elektr energiyasining ishlab chiqarish hajmi oshib bormoqda. 2023-yilda fotoelektr stansiyalarda 638 ming kVt.soatdan ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. 2024-yilning 11 oyida esa 3 mln kVt.soatdan oshiq elektr energiyasi quyosh panellaridan olingan.
Yana bir e'tiborga molik jihat, kombinatning Sanoat temir yo‘l transport boshqarmasining 3-sonli temir yo‘l sexi hududidan oqib o‘tuvchi “Tanachi-Bo‘ka” kanaliga quvvati 30 kVt.soatni tashkil qiluvchi gidroturbinali generator o‘rnatildi. Ushbu gidroturbinali generatordan ishlab chiqilgan elektr energiyasi ushbu sexning maishiy-ma'muriy binosini elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini 60% ga ta'minlaydi. Ushbu qurilma afzalligi ekologik jihatdan zararsiz, atmosferaga zararli chiqindilar chiqmaydi.
2025-yilda ham OKMKda “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish ishlari jadallik bilan davom ettiriladi.
OKMK Axborot xizmati