Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” faollikda o‘tkazilmoqda

11 Dekabr 2025, 9:31 187

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan joriy yilning 1-dekabridan boshlab 30-dekabr sanasiga qadar yurtimizda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, uning doirasida profilaktik tadbirlar, o‘quv mashg‘ulotlari, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda. Ayniqsa, yirik sanoat korxonalarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti.

Shu maqsadda kuni kecha OKMK Markaziy apparatida “Yong‘in xavfsizligini birinchi navbatda ta’minlash” mavzusida seminar tashkil etildi.

Tadbirda Markaziy apparat bo‘limlari, Ijtimoiy obyektlar, Avtomobil transporti, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmalari, yong‘in xavfsizligi va fuqaro muhofazasi guruhlari, shuningdek, boshqa tarkibiy bo‘linmalar xodimlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilganlarga so‘ngi yillarda mamlakatimizda sodir bo‘layotgan tabiiy ofatlar statistikasi, ishlab chiqarish jarayonlarida yong‘in kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish choralariga oid batafsil ma’lumotlar berildi. Elektr isitish moslamalari va gaz jihozlaridan foydalanish talablari, yonuvchan moddalar va materiallarni saqlash hamda tashish qoidalari yana bir bor eslatildi. Texnogen ofat sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish, fuqarolarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish, birinchi yordam ko‘rsatish hamda yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Favqulodda vaziyatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish va ishchi-xodimlar xavfsizligini ta’minlashda muntazam olib borilayotgan amaliy tadbirlarning ahamiyati beqiyosdir. Shu sababli kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalarida profilaktik ishlar muntazam o‘tkazib kelinadi.

Jumladan, kuni kecha 2-Mis boyitish fabrikasida fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkibi ishtirokida zilzila oqibatlarini bartaraf etish hamda avariya-qutqaruv ishlarini tashkil qilish bo‘yicha o‘quv-taktik mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.

Mashg‘ulot ssenariysiga ko‘ra, fabrika hududida 5 balli zilzila sodir bo‘lishi oqibatida bino qurilmalarining qulashi natijasida elektr tarmoqlarining qisqa tutashuvi yuz berib, yong‘in kelib chiqdi. FM razvedka-qutqaruv guruhi voqea joyiga zudlik bilan yetib kelib, vayronalar ichida qolib ketgan ishchilarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilishdi. Tabiiy ofat oqibatida yuzaga kelgan yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etildi. Jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatilib, tibbiyot muassasiga yuborildi.

Xuddi shunday o‘quv-taktik mashg‘uloti OKMKning Ohak zavodida ham o‘tkazildi. Unda Fuqaro muhofazasi otryadi hamda korxona FM tuzilmalari ishtirok etishdi.

Mashg‘ulot ssenariysiga ko‘ra, zavod hududda ertalabki soat 9:00 da yer silkinishi natijasida moy stansiyasi tom yopmasidan beton bo‘lagi qulab, bitta ishchini bosib qoladi. Elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab binodagi texnologik uskunada yong‘in kelib chiqadi.

Qutqaruvchilar jabrlangan chilangarni xavfsiz hududga olib chiqishib, FM tuzilmasi vakillari tomonidan olov o‘chog‘i bartaraf etildi.

Tadbir yakunida aniqlangan kamchiliklar muhokama qilinib, kelgusida bunday xatoliklar takrorlanmasligi uchun mutaxassislar tomonidan tegishli tavsiyalar berildi va o‘quv-taktik mashg‘ulot qoniqarli deya baholandi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech