• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda Yoshlar kuni keng nishonlanadi

22 Iyun 2023, 11:3 2515

Joriy yilning 21-iyun kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov “30 iyun - Yoshlar kuni" munosabati bilan “Yoshlar oyligi” doirasidagi bayram tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyruqqa imzo chekdi.

Buyruqqa binoan, "Yoshlar oyligi" doirasida "Olmaliq KMK" AJ tarkibiy bo‘linmalari yoshlari o‘rtasida bayram tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun tuzilgan tashkiliy qo‘mita, ushbu bayramni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi hamda bayram munosabati bilan faol yoshlarga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanuvchi faol yoshlar ro‘yxati tasdiqlandi.

"Yoshlar oyligi" doirasida "Olmaliq KMK" AJ tarkibiy bo‘linmalari yoshlari o‘rtasida o‘tkaziladigan bayram tadbirlari dasturiga ko‘ra, 27-iyun kuni “Metallurg” MS hovlisida  bayram tadbirlari tashkil etiladi. Bayram tadbirlari doirasida marafon, gala konsert va turli ko‘ngilochar dasturlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Kombinatning iqtidorli yoshlari o‘rtasida “Eng gullagan yoshlik chog‘im” nomli tanlovi, “Ma'naviy yetuk yoshlar kelajak poydevori” shiori ostida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

“Eng yaxshi yosh rahbar-2023” tanlovining yakuniy bosqichi hamda sportning mini futbol to‘ri bo‘yicha “OKMK Yoshlar ittifoqi Ko‘chma kubogi-2023” musobaqasini o‘tkazish ham belgilangan.

“O‘zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida o‘tkaziladigan “Olmaliq KMK” AJ va Olmaliq shahri yoshlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini festivali hamda yoshlarining o‘z sohasi bo‘yicha tajriba almashishlariga imkoniyat yaratish maqsadida turdosh korxonalariga sanoat ekskursiyalarining amalga oshirilishi ham yoshlarga bir olam taassurot bag‘ishlashi shubhasiz.

14-iyun – butunjahon donorlar kuniga bag‘ishlab “Qon topshiring, dunyoda hayot davom etsin!” shiori ostida ko‘ngilli yoshlar ishtirokida qon topshirish aksiyasi tashkil etiladi.

Yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini hamda ular o‘rtasida badiiy adabiyotlarni o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish maqsadida kombinat yoshlari o‘rtasida “Yosh kitobxon-2023” ko‘rik-tanlovini hamda “2023 yil - Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” deb nomlanishi munosabati bilan tarkibiy bo‘linmalar yoshlari o‘rtasida “Nemis tili  bilimdoni” tanlovi o‘tkaziladi.

Bayram munosabati bilan ishlab chiqarish jarayonlarida faol bo‘lgan,ishchi-xodimlar o‘rtasida sog‘lom muhit shakllanishiga beminnat hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yoshlarning xonadonlariga tashrif buyurib, ularning ota-onalariga tashakkurnomalar taqdim etiladi. Kombinat yoshlarini muvaffaqiyatga erishgan insonlar ortidan ergashtirish, jamiyatda o‘z o‘rinlarini egallashlari yo‘lida motivasiya berish maqsadida seminar-treninglar o‘tkaziladi.

“Olmaliq KMK” AJ barcha tarkibiy bo‘linmalarida FXDYo bo‘limi, IIB, diniy idora vakillari va psixolog ishtirokida      yoshlar o‘rtasidagi oilaviy ajrim,jinoyat, huquqbuzarlik hamda suisid holatlarini oldini olishga qaratilgan seminarlar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, dasturda kombinat yoshlari o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” festivali ham o‘tkazilishi belgilangan.

Ishlab chiqarish  jarayonlarida faol bo‘lgan va yoshlar ittifoqi tizimida samarali faoliyat yuritayotgan yoshlarga motivasiya berish maqsadida “Moviy tog‘lar” dam olish maskanida an'anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Yoshlar slyoti” ham  yoshlarda katta taassurot qoldirishi aniq.

Bir so‘z bilan aytganda, Yoshlar kuni OKMKda keng nishonlanadi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech