• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda yana bir yangi mahsulotni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi

15 Iyul 2024, 8:25 1419

Ma'lumki Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Kombinatda yaqinda ishga tushirilgan navbatdagi yangi loyiha zargarlik sanoati uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kungacha ko‘plab zargarlik korxonalari og‘irligi 5, 10, 20 va 50 gramm bo‘lgan, 999,9 soflikdagi oltindan tayyorlangan quymalarni kombinatdan ham xarid qilish imkoniyatiga ega edi.

Yangi loyiha ishga tushishi natijasida oltin va kumushni granula ko‘rinishda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Granulalangan oltin nafaqat zargarlik sohasida, balki tibbiyot, radioelektronika, mikroelektronikada, kimyo sanoatida va o‘lchov asboblarini ishlab chiqarishda ham qo‘llaniladi.

- OKMKning 75 yilligi oldidan loyiha asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz zargarlarga bir qator qulayliklar yaratadi, - deydi Mis eritish zavodi Oltin va kumushni affinajlash sexi boshlig‘i Bahrom Asqarov. – Jumladan, oltin, kumush va mis kabi qimmatbaho metallarning granulalarini ishlab chiqarish uchun Italiya davlatidan zarur bo‘lgan texnologik uskuna olib kelindi. O‘lchovli tilla quymalari 50 grammdan 1000 grammgacha bo‘lib, uni qayta ishlash jaryonida zargarlarga biroz noqulaylik tug‘dirardi. 

Ularni qayta eritish, mayda zarralarga bo‘lib olishda zargarlarda yo‘qotishlar va oshiqcha xarajatlar bo‘lar edi. Biz taklif etayotgan tilla va kumush granulalari zargarlarga mahsulot tannarxini tushirishda, mahsulot sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi zargarlik sanoatida yetakchi ishlab chiqaruvchilarning asosiy talabi ham oltinning granula shaklida bo‘lishidir.

Shuningdek, kombinat mutaxassislari granula holatidagi mis mahsulotlarini ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdi. Bozor talablarini o‘rganib, kelgusida boshqa rangli metallardan ham granulalar tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Sotiladigan bu turdagi qimmatbaho metall bo‘yicha OKMK bilan hisob-kitoblar to‘lov kunidagi London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va Markaziy bank kursidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Yangi turdagi bunday mahsulotlar ichki va tashqi bozorda ham talabgir bo‘lishi, shubhasiz.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech