Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 26-dekabr kuni O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida “OKMKning barqaror rivojlanishi” mavzusida taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari O.Nasritdinxodjayev kirish so‘zi bilan ochib berib, “Sanoatning tog‘-kon sektori sohasida barqaror rivojlanishi” mavzusidagi taqdimotini ishtirokchilar e'tiboriga havola etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining taqdimot tadbirida “Olmaliq KMK” AJda o‘zgarishlarni boshqarish – transformatsiya yo‘lida”, “ESG (barqaror rivojlanish) va iqlimning muhim ahamiyati” hamda “Olmaliq KMK” AJda barqaror rivojlanish sohasida amalga oshirilgan ishlar” mavzularida taqdimotlar qilindi.
Jumladan, OKMK boshqaruv raisining iqtisodiyot, moliya va transformatsiya bo‘yicha o‘rinbosari Feruza Xamidova "Kombinatda o‘zgarishlarni boshqarish - transformatsiya yo‘lida” mavzusida taqdimot qilib, kombinatda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayoni bilan tanishtirdi.
PricewaterhouseCoopers kompaniyasi konsultant (maslahatchi)lari Mixail Lim va Alua Kopjassar – Transformatsiya dasturi doirasida ESG (barqaror rivojlanish) masalalari qanday amalga oshirilishi haqida batafsil ma'lumotlarni berishdi.
Bundan tashqari, tadbir davomida ishtirokchilar – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati issiqxona gazlari emissiyasi va uni kamaytirish yo‘llari va yangi qurilayotgan obyektlarda atrof muhit muhofazasi borasida amalga oshirilgan ishlar hamda tog‘-konchilik sektorida ESG mavzusining afzaliklari, barqaror rivojlanishning barcha aspektlarida barqarorlikga erishish yo‘llari, iqlim o‘zgarishlarining dolzarbligi masalalarini tahliliy ko‘rib chiqishdi. Shuningdek, OKMKni barqaror rivojlantirish yo‘lida nima ishlar bajarilgani haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.
- ESG barqaror rivojlanish hisobotlari eng avvalo, kompaniya tomonidan ijtimoiy sohada va atrof muhitni muhofaza qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni shaffof tarzda steykxolderlarga, ya'ni investorlar, biznes hamkorlar va keng ommaga yetkazib berishi bilan ahamiyatlidir. Bu hisobotlarni ochiq tarzda berilishi kombinatning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshiradi. Shu bilan birga barqaror rivojlanishning mohiyati odamlarning farovonligini oshirishga qaratilganligini ko‘rsatadi, - deya ta'kidlab o‘tdi “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisining iqtisodiyot, moliya va transformatsiya bo‘yicha o‘rinbosari F. Xamidova.
Tadbirda “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ni mamlakat ehtiyojlariga moslashtirish uchun jiddiy qiziqish va intilishlar natijasi sifatida, 2017–2021 yillar uchun O‘zbekistonning harakatlar strategiyasi natijalari va hozirda amalga oshirilayotgan “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi ta'kidlandi. Bu borada Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimida tog‘-kon va metallurgiya korxonalarida salmoqli ishlar amalga oshirilib, ular qatorida Global tashabbuskorlik hisoboti (GRI - Global reporting initiative) standartlari asosida “Barqaror rivojlantirish hisoboti” (SDR) ishlab chiqilgani, ISO sertifikatlarining olingani, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va suv tejamkor texnologiyalarning joriy qilinayotgani alohida qayd etib o‘tildi.
Taqdimotda mamlakatimizning sohaga tegishli vazirliklari vakillari, “Navoiy KMK” AJ, “Navoiyuran” DK, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ, “Sharg‘unko‘mir” AJ, “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ, “O‘zbekgeofizika” AJ, “O‘zbekgidrogeologiya” DM, “Yer qa'ridan foydalanish markazi” DM kabi korxonalarning vakillari, shuningdek, OKMKning atrof-muhit muhofazasi, mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi masalari bo‘yicha mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.
Mazkur taqdimot ishtirokchilarga amaliy tajriba almashish, joriy maqsadlarga aniqlik kiritish va ularga yetishni jadallashtirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni belgilashga imkon yaratdi.
OKMK Axborot xizmati