Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKning xayrli amallari bardavom

07 May 2025, 8:29 1086

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati barcha ishlab chiqarish vazifalarini bajarish barobarida ijtimoiy sohani ham faol ravishda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Xayrli amallar 2025-yilda ham bardavomlik kasb etib, ayni kunlarda Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi 71-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internati binosi OKMK homiyligida rekonstruksiya qilinayapti.

Jismoniy va ruhiy rivojlanishda kechikishi bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan mazkur maktab 1965-yili qurilgan bo‘lib, shu paytga qadar ta’mirlanmagan.

Hozirgi kunda mazkur ta’lim maskani binosida pudrat tashkiloti tomonidan rekonstruksiya ishlari 90%ga bajarilgan bo‘lib, binoning maxsus fan xonalari, sport zali, oshxona, kutubxona va hojatxonalari ta’mirdan chiqarildi. Deraza va romlar hamda issiq va sovuq suv quvurlari, yoritish tizimlari almashtirildi. Bino tomi qisman yangilanib, ta’mirlandi. Tashqi fasad qismi ham zamonaviy qiyofaga keltirilib, ta’mirdan chiqarildi.

Shuningdek, o‘quv binosi hududida qo‘shimcha ravishda ota-onalar kutish zali, kir yuvish xonasi, omborxona, nazorat o‘tkazish punkti, qozonxona, yozgi oshxona, hovlida hojatxona, issiqxona kabi yordamchi binolar qurilishi ham rejalashtirilgan.

Maktab o‘quvchilariga bir qator qulaylik yaratish maqsadida maktab hovlisida mini futbol, voleybol maydonchalari, shiyponchalari ham barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur maktab 240 o‘ringa moʻljallangan.

Kombinat homiyligida zamonaviy qiyofaga keltirilayotgan o‘quv binosi yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech