Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Bugun mamlakatimiz bo‘ylab Navro‘zi olam kezib yuribdi. Shahrimizda ham Navro‘z ayyomi katta tantanalar bilan nishonlandi.
Bayram tadbirida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov va Olmaliq shahar hokimi Qobil Xamdamov ishtirok etishdi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va Olmaliq shahar hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan bayram tantanalari karnay-surnay sadolari ostida boshlandi.
“Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbirida kombinat tarkibiy bo‘linmalari har yilgi an'anaga ko‘ra, yurtimiz hududlarining milliy qadriyatlari va urf-odatlari aks ettirilgan ko‘rgazmalarni namoyish etishdi. E'tiborlisi, har bir ko‘rgazmada buyuk ajdodlarimiz va jadid bobolarimiz haqida ma'lumotlar taqdim etilib, ularning siymolari gavdalantirildi. Ayniqsa, Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi mehnat jamoasi tomonidan g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy, Texnologik transport boshqarmasi mehnat jamoasi tomonidan shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur, Mis boyitish fabrikasi mehnat jamoasi tomonidan jadid bobomiz Abdulhamid Cho‘lpon siymolari zo‘r mahorat bilan ijro etildi.
Bu yilgi Navro‘z ayyomida OKMK professional futbol jamoasining ishtiroki ham yangilik bo‘ldi. Jamoa a'zolari tomonidan bolajonlar uchun ajoyib va qiziqarli futbol o‘yinlari tashkil etildi.
“Olmaliqmetallurgqurilish” tresti mehnat jamoasi ham bu yilgi bayramga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishdi. Ular shoir G‘afur G‘ulom asarlari bo‘yicha sovrinli o‘yinlar va rasmlar tanlovini tashkil etishdi. Shuningdek, aktyorlar O‘tkir Mengliyev, Suhrob Isomovlar ishtirokida adibning “Shum bola” asaridan parcha namoyish etishdi. Taniqli aktyor Mehriddin Rahmatov esa adib asarlaridan monologlar ijro etdi.
Xalq saylida OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi sport-jismoniy tarbiya bo‘limi tomonidan lanka, kurash, arqon tortish, eshak mindi, oq terakmi ko‘k terak, xo‘roz urishtirish kabi milliy sport o‘yinlari bo‘yicha tashkil etilgan musobaqalar ham shiddatli bahslarga boy bo‘ldi. Shuningdek, bayram ishtirokchilari boks, stol tennisi, armrestling, darts, shaxmat kabi sport turlari bo‘yicha ham bellashishdi.
Kombinat korxonalari o‘rtasida o‘tkazilgan milliy taom – osh musobaqasi ham qiziqarli bo‘ldi.
Dorbozlar ham o‘zlarining ajoyib tomoshalari bilan hamshaharlarimizga bayramona kayfiyat baxsh etishdi.
Bu yilgi bayramda yana bir yangilik kuzatildi. Kombinat tarkibiy bo‘linmalari tomonidan yurtimizning turli hududlarida tayyorlanadigan nonlar ko‘rgazmasining namoyishi ham barchada katta taassurot qoldirdi.
“Metallurg” madaniyat saroyining ijodiy jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
"Nihol" mukofotining sovrindori Dilafro‘z Saidmetova hamda estrada xonandasi Umar Shamsiyevlarning sho‘x-shodon taronalari barchani raqsga chorladi.
Tadbirda Olmaliq shahar korxona-tashkilotlari, mahallalar, oliy o‘quv yurtlari va ta'lim muassasalari tomonidan ham ajoyib ko‘rgazmalar havola etildi.
Kombinat korxonalari o‘rtasida tashkil etilgan yurtimiz hududlarining milliy qadriyatlari va urf-odatlari aks ettirilgan ko‘rgazmalar paviloni tanlovida Mis boyitish fabrikasi faxrli 3-o‘rinni egalladi.
Navro‘z taomlari, milliy urf-odatlar va an'analarni namoyish ettirgan Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasi esa 2-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
“Olmaliqmetallurgqurilish” tresti mehnat jamoasiga ham 2-o‘rin nasib etdi.
Bolajonlarga bir olam quvonch hadya etib, ularga mo‘jaz poyezdda sayohat qilish imkonini yaratgan Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ushbu tanlovda faol ishtiroki uchun Texnologik transport boshqarmasi, Kovuldi koni, Sanoat suv ta'minoti sexi, Mis eritish zavodi, Rux zavodi, Elektr tarmoqlar boshqarmasi, Angren KB, Qalmoqqir KB, Avtomobil transport boshqarmasi, OKMK PFK, MTTU MISiS Olmaliq filiali va Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali kabi mehnat jamoalari ham rag‘batlantiruvchi sovg‘alar bilan tarqdirlanishdi.
Shuningdek, shahar korxona-tashkilotlari, o‘quv muassasalari turli xil nominatsiyalar bilan rag‘batlantirildi.
Osh tanlovida esa 2-Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish zavodi, Kovuldi koni mehnat jamoalari g‘olib bo‘lishdi.
Kombinat ishchi-xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Men farzandim bilan faxrlanaman” chellenji tanlovi g‘oliblari ham esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Bayramda bir qator kombinatning xorijiy hamkor kompaniyalari vakillari ham ishtirok etishib, mehnat jamoasini bayram bilan qutlashdi.
Nils Sharfenberg, KOCH Solutions(Germaniya) kompaniyasi sotuv direktori: Markaziy Osiyo xalqlari keng nishonlaydigan Navro‘z bayrami bilan kombinat mehnat jamoasini tabriklayman. Kompaniyamiz konchilik sohasi uchun uskunalarini yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Yevropaliklar yurtingizdagi qadimiy shaharlar Samarqand, Buxorolarni yaxshi bilishsa, biz mutaxassis hamkorlar sifatida Olmaliq shahrini juda yaxshi bilamiz. Mehmondo‘st o‘zbek xalqini yana bir bor bayram bilan tabriklab qolaman.
Klaus Yurgen Butter, KOCH Solutions(Germaniya) kompaniyasi konchilik bo‘yicha texnik direktori: Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini, kombinat mehnat jamoasini Navro‘z bayrami bilan tabriklab qolaman. Kompaniyamiz kombinatdagi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilayotganidan mamnunman. Bayram muborak boʻlsin!
Axborot xizmati