Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 1-noyabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 75 yilligi munosabati bilan “Metallurg” madaniyat saroyida tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda mamlakatimiz va Toshkent viloyati faollari, mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, OKMKning hamkor koppaniyalari vakillari, xorijiy davlatlarning elchilari, konchilik sohasida samarali faoliyat yuritayotgan ilg‘or ishchi-xodimlar, olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Dastlab, Prezidentimizning “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati jamoasiga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyatining 75 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarish ilg‘orlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga asosan kombinat ishchi-xodimlariga davlatimizning yuksak mukofotlari topshirildi. Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov tantanali topshirdi.
— O‘z mehnatimiz bilan kombinatimiz rivojiga hissa qo‘shayoganimizdan xursandman, — deydi "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi, Mis eritish zavodi texnologik jarayonlarni boshqarish tizimlarini avtomatlashtirish xizmati boshlig‘i Bahriddin Tulyaganov. — O‘tgan yillar davomida barcha tizim korxonalari modernizasiya qilinib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish xajmi ortdi. Birgina bizning yo‘nalishimizda ham buni ko‘rish mumkin. Yil sayin sanoat mahsulotlari turi va xajmi ortib bormoqda. Ayniqsa, bunda soha mutaxassislarining tinimsiz mehnati tufaylidir. Endilikda yosh shogirdlarimiz safimizga qo‘shilyapti. Ular bilan birga ilm-fan yutuqlarini jarayonda sinab ko‘rmoqdamiz. Bu esa o‘z natijalarini beryapti.
Xorijiy hamkor tashkilotlarning vakillari hamda mamlakatimizdagi turdosh korxonalarning mas'ullari ham OKMKning 75 yilligi munosabati bilan o‘z tabriklarini bildirishdi.
Tadbir mehmonlari 3-mis boyitish fabrikasida ham bo‘lib, fabrikaning qurilish jarayoni bilan tanishdilar.
Yubiley sanasi tadbirlari doirasida OAV vakillari uchun press-tur ham tashkil etilib, jurnalist va blogerlar kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar bilan yaqindan tanishishdi. OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-turda kombinat tarkibidagi sanoat korxonalari va konlaridagi ish jarayonlari tanishildi. Unda jurnalistlar konchilar, korxonalar mutaxassislari bilan yaqindan suhbat qilishdi.
Shuningdek, shu kuni OKMK sport majmuasida konsert dasturi o‘tkazildi. Bayram konsert tadbiri kombinat sportchilarining hamda korxonalarning paradi bilan boshlandi.
Konsert dasturi avvalida OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov barchani ayyom bilan samimiy muborakbod etdi.
Bundan tashqari, 7 nafar faol kombinat ishchi-xodimlari turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi.
Katta bayram konsertida estrada xonandalari, Toshkent viloyati filarmoniyasi, "Metallurg" madaniyat saroyi xonandalarining qo‘shiqlari barchaga manzur bo‘ldi.
Xalq sayli
2-noyabr kuni “Metallurg” madaniyat saroyi va “Yoshlar bog‘i” hududida OKMKning 75 yilligi munosabati bilan xalq sayli tashkil etildi.
Xalq saylida kombinat tarkibiy bo‘linmalari tomonidan o‘ziga xos texnika vositalari, texnologik ishlab chiqarish jarayonida qo‘llaniladigan uskunalar, maketlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Shuningdek, OKMK xodimlari kasaba uyushmasi kengashi sport va jismoniy tarbiya bo‘limi tomonidan tashkil etilgan sport musobaqalari ham shiddatli bahslarga boy bo‘ldi.
Jumladan, ishtirokchilar, shaxmat, shashka, kurash, darts, stol tennisi, arqon tortish, boks, armrestling turlari bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib borishdi.
Taniqli xonanda Aziz Rajabiyning dilrabo taronalari, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti talabalari hamda “Metallurg” MS ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.
Tadbirda so‘z olgan OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov barchani yana bir bor ayyom bilan qutlar ekan, bugun yurtimizda shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Bugungi shaxmat musobaqasida g‘olib bo‘lganlarga qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi. Ayniqsa, 86 yoshli Erkin ota Kenjayevning shaxmat bo‘yicha mahorati yoshlarga namuna bo‘lishini ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, 8 yoshli bolalar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘lgan Javohir Siddiqovning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari barchani faxrlantirishini bildirib, shaxmat sport turi OKMK tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlanishini ma'lum qildi.
Tadbirda kombinat tarkibiy bo‘linmalar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar tanlovi g‘oliblari aniqlandi.
Jumladan, “Kreativ ko‘rgazma” nominatsiyasiga “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi mehnat jamoalari loyiq ko‘rildi.
“Bizning texnologiya” nominatsiyasida, Mis eritish zavodi, Rux zavodi, Issiqlik elektr markazi, Sanoat suv ta'minoti boshqarmasi, 2-Mis boyitish fabrikasi kabi korxonalar e'tirof etildi.
“O‘tmish va bugun” nominatsiya g‘olibligiga Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi munosib ko‘rildi.
Tadbirda faol ishtirok etganliklari uchun Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali rag‘batlantirildi.
“Betakror qo‘l mehnati” nominatsiyasida esa Kovuldi koni, Angren kon boshqarmasi, Qalmoqqir kon boshqarmasi, Iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi, Avtomobil transport boshqarmasi mehnat jamoalari g‘olib bo‘lishdi.
“Eng yorqin va betakror stend sohiblari” nominatsiyasiga Markaziy tahlil laboratoriyasi mehnat jamoasi sazovor bo‘ldi.
Tanlovning faxrli 3-o‘rinini 1- va 3-Mis boyitish fabrikalari mehnat jamoalari egallashdi.
Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi 2-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Tanlov g‘olibligi Texnologik transport boshqarmasi mehnat jamoasiga nasib etdi.
Tanlovning mutlaq g‘olibligini Sanoat temir yo‘l transport boshqarmasi mehnat jamoasi qo‘lga kiritib, gran priga ega bo‘lishdi.
OKMK Axborot xizmati