Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 6-iyul kuni Olmaliq shahrida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining uzoq muddatli rivojlantirish istiqbollari" mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.
“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma'rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida tashkil etilgan mazkur forumda 200 dan ziyod ishtirokchilar, jumladan, 50ga yaqin kombinatning xorijiy biznes hamkorlari qatnashishdi.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov so‘zga chiqib, kombinat faoliyati, infratuzilma obyektlari, hamda istiqbolli loyihalari va amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumotlar berildi.
- Bugungi kunda OKMK mis-molibden, polimetall va oltin tarkibli ma'danlarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi sanalib, mis mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi 30 ta yirik kompaniyalar safiga kiradi, - deydi o‘z ma'ruzasida A. Xursanov. - Yillik mis ishlab chiqarish hajmi 148 ming tonnadan ziyodni tashkil etib, 18 turdagi mahsulotlarni 20 ta davlatga eksport qiladi.
Kombinatning xom ashyo zahirasini “Qalmoqqir”, “Sariq-Cho‘qqi”, “Yoshlik-1” ochiq konlari va 4 ta yerosti konlari tashkil etadi.
Ushbu konlar “SRK Consulting” kompaniyasi ishtirokida o‘rganib chiqilib, ularning zahiralari JORC kodeksiga muvofiq qayta baholandi hamda konlarning matematik-geologik modeli yaratildi.
Baholash xulosalariga ko‘ra, “Yoshlik-1” koni dunyoda ma'dan tarkibida oltin-mis hajmi bo‘yicha “yirik kon”, deya tan olindi.
2030-yilgacha kombinatni rivojlantirish konsepsiyasi doirasida “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yangi metallurgiya majmuasi obyektlari va 4-chi va 5-son mis boyitish fabrikalarini loiyhalash-qurilish ishlari boshlandi.
“Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish”loyihasini amalga oshirish natijasida 2030-yilda 500 ming tonna mis katodi, 50 tonna oltin, 300 tonna kumush ishlab chiqarishga erishadi.
Ochilish marosimida shuningdek, “JPMorgan” bankining ijrochi direktori Yungxa Kim, “Glencore” kompaniyasiyaning xaridlar bo‘yicha direktori Mariya Samoylova, “Falk Porsche” kompaniya ta'sischisi Falk Porshe O‘zbekistonning geografik joylashuvi, yaqin va uzoq sharq va g‘arb davlatlari bilan erkin savdo rejimlari, GSP+ benefisiari maqomi, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish ishlari, boy xom-ashyo resurslari haqida ma'lumot berishib, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirishdi. OKMK bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zlarining takliflarini berishdi.
Tadbirda kombinat faoliyati haqida videorolik namoyish etildi.
Forum ishida, shuningdek, “Deutsche Bank”, “KfW-IPEX Bank”, “Siemens”, “Zippelin”, “PWC”, “Ernst & Young”, “KPMG”, “SAP”, “Terralink”, “Aveva”, “Datamine”, “Sifra”, “Noventiq Worley”, “K&K Gold GROUP”, “Sebine Technology”, “Sepro mineral system”, “ME SOLUTIONS GP”, “ABM Anlagenbau und Maschinentechnik”, “Xingtai ME Mining Equipment”, “RWS optimum”, “UET Consulting”, “CRRC Dalian” va boshqa ko‘plab yirik xorijiy kompaniyalarning mintaqaviy rahbarlari va vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir ishtirokchilarining fikr-mulohazalari bilan tanishdik.
Falk Porshe - “Falk Porsche” kompaniya ta'sischisi: - Bizning oilamiz 30 yildan buyon O‘zbekistonga investitsiya kiritib keladi. Hammaga ma'lumki, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar bois xorijiy investorlarga jozibador bo‘lib bormoqda. Yurtingiz biznes uchun qulay sharoitga ega mamlakatlardan biri. Bugungi o‘tkazilgan forum ham bunga misol. Tabiiy boyliklari, kuchli ishlab chiqarish, intellektual salohiyat va mexnatsevar xalqi bilan O‘zbekiston katta yutuqlariga erishishiga ishonamiz.
Biz Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan zamonaviy yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlarini bunyod qilishda hamkor bo‘lganimizdan mamnunmiz. OKMK kombinati bilan hamkorlikda ushbu loyihalarni amalga oshirish orqali ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirmoqdamiz, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar o‘zlashtiriladi. Natijada, bu loyihalarni amalga oshirish natijasida ish o‘rinlari yaratiladi.
Bizning loyihalarimiz ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan, masalan, misni chuqur qayta ishlash, yangi metallurgiya kompleksini qurish uchun polimer beton vannalar ishlab chiqarish, Germaniyaning Menzel kompaniyasi bilan birgalikda yuqori vol'tli dvigatellar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda kombinat respublikaning ichki bozori ehtiyojlari uchun shisha tolali va kompozit materiallardan tayyorlangan quvurlar va idishlar ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan.
Bugungi forumda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Hamkorlik doirasida bir qator loyihalarimiz bilan tanishtirdik. O‘ylaymanki, ularni birgalikda amalga oshiramiz.
Marku Terasvasara Metso Outotec kompaniyasining Mineral yo‘nalishi bo‘yicha prezidenti -
- O‘zbekiston bilan manfatli aloqalarni 30 yil oldin Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan boshlaganmiz. 2010-yildan buyon esa OKMK bilan hamkorliq qilib kelamiz. Eng katta loyihamiz Rux zavodining 4-sulfat kislotasi sexi bo‘ldi. Bundan tashqari, kombinat tarkibidagi fabrikalarda bizning texnikalarimiz ishlayabdi. Hozirda aloqalarni yanada mustahkalamlayapmiz. Bunga yirik investisiyalar va yangi barpo etilayotgan 3-MBF misol bo‘la oladi. Kelajak uchun ham loyihalarni tayyorlab qo‘ydik. Bizning kompaniya tog‘-kon yo‘nalishni qo‘llab-quvatlashga hamisha tayyor. O‘ylaymizki, hamkorligimiz yanada rivojlanadi. Kombinat tashkil etgan forumda ham eng dolzarb mavzular muhokama etildi. Bu kombinat uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Tadbir dasturi doirasida “B2B” muzokaralari va “Kon-metallurgiya sanoatida raqamli transformatsiya”, “Kombinatda istiqbolli loyihalar va chiqindilarni qayta ishlash”, “Kon-metallurgiya sanoatida tog‘ kon-metallurgiya va yuqori texnologik ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Tog‘-kon sanoatida barqaror rivojlanish”, “Transport sohasida zamonaviy va ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish” mavzularida panel sessiyalari hamda loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Forumni o‘tkazishdan asosiy maqsad – Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining rivojlantirish istiqbollari va yo‘na-lishlari, amalga oshirilgan islohotlar, potensial investitsiya imkoniyatlarini namoyish etish hamda xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashdan iboratdir.
Muzokaralar davomida tarmoq sohalaridagi erishgan natijalar, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarga bo‘lgan talab, joriy etilishi mumkin bo‘lgan texnologik yechimlar bo‘yicha fikrlar almashildi. Soha muammolari va yechimlari xorijiy va maxalliy mutaxassislar tomonidan tahlil qilindi.
Uchrashuvlar va panel sessiyalar yakunlariga ko‘ra, kombinatning xorijlik hamkorlari yaqin ishbilarmonlik aloqalari doirasidagi kelgusidagi ishlarni davom ettirish, qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirishdan manfaatdorligini bildirishdi.
Tadbirdan so‘ng, forum ishtirokchilari sharafiga “Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy guruhlari tomonidan katta konsert dasturi namoyish etildi.
OKMK Axborot xizmati