"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Ma’lumki, xalqimizning eng ulug‘, eng aziz ayyomi — O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yillik qutlug‘ to‘yonasi butun mamlakatimizda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan oliyjanob shior ostida keng nishonlanmoqda. Mazkur shonli sana munosabati bilan joriy yilning 24-avgust kuni OKMK sport majmuasida katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov barchani Istiqlol ayyomi bilan samimiy muborakbod etar ekan, hurmatli Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning zamirida, inson qadrini ulug‘lash, xalqimiz farovonligi ta’minlashdek oliyjanob maqsad mujassam ekanligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, korxonada amalga oshirilayotgan yirik strategik investitsiya loyihalari, ishlab chiqarish quvvatlarining modernizatsiya qilinishi hamda yurtimizda hukm surayotgan barqarorlik siyosati iqtisodiy yuksalishning muhim omili bo‘lib xizmat qilayotganini alohida qayd etib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan Olmaliq shahar hokimi Barhayot Meliyev ham barchani bayram bilan muborakbod etdi.
Tadbir davomida qutluq sana munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, davlat mukofoti bilan taqdirlangan bir guruh kombinat ishchi-xodimlari va Olmaliq shahar korxona-tashkilotlari vakillari e’tirof etildi.
Shuningdek, bir guruh ilg‘or kombinat ishchi-xodimlariga turli darajdagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
“Metallurg” madaniyat saroyi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan badiiy kompozitsiya barchaga manzur bo‘ldi.
Ayniqsa, Milliy gvardiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan mahorat bilan ijro etilgan buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur siymosining sahnaviy chiqishlari hamda Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari, OKMK Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari hamda “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilarining tantanali harbiy marshi tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, kombinat sportchilari hamda yosh umidli sportchilar tomonidan tayyorlangan turli sport yo‘nalishlaridagi mahoratli va ko‘rgazmali chiqishlar ham bayram tadbirining yuqori ko‘tarinki kayfiyatda o‘tishini ta’minladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidova hamda taniqlik estrada xonandasi Mirjalol Ne’matovlarning sho‘x-shodon qo‘shiqlari barchani raqsga chorladi.
Bayram tadbiri an’anaga ko‘ra mushakbozlik bilan yakunlandi.
Axborot xizmati