Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Osoyishtalik bor joyda taraqqiyot bo‘ladi

22 Yanvar 2026, 16:26 535

OKMK Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tashabbusi bilan kombinat tarkibiy bo‘linmalarida o‘tkazib kelinyotgan targ‘ibot tadbirlari bugun ham davom ettirildi.

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi, shunindek, joriy yil 13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar targ‘iboti bo‘yicha navbatdagi tadbirlar Mis eritish zavodi hamda Mis boyitish fabrikasi ishchi-xodimlari uchun tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi targ‘ibot bo‘limi rahbari, shoir Muhammad Siddiq, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shodmonqul Salom, Toshkent viloyati Jurnalistlar uyushmasi raisi Rahmatilla Sheraliyev, O‘zbekiston qahramoni Saydali Rahmonov, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Lobar Jalilova, Olmaliq Davlat texnika instituti o‘qituvchilari, yosh olimlar Sardor Doniyev va Bobur Jo‘rayevlar ishtirok etishdi.

Mas’ullar Murojaatnoma 2026-yilgi yuksalish yo‘limizni belgilab bergan strategik hujjat bo‘lishini, mazkur nutqda iqtisodiy barqarorlikdan tortib ijtimoiy islohotlargacha bo‘lgan eng muhim vazifalar belgilab berilganini, 2026-yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarning mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirib o‘tishdi.

Murojaatnomada ta’kidlanganidek O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishda davom etib, yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 145 milliard dollardan oshdi. Eksport ko‘rsatkichi 23 foizga o‘sib, 33,4 milliard dollarga yetgani, mamlakat oltin-valyuta zaxiralari tarixda ilk bor 60 milliard dollardan oshgani qayd etildi. Ushbu erishilgan yutuqlarda OKMK mehnat jamoasining munosib hissasi borligi ta’kidlandi.

Kombinat mehnat jamoasiningg zahmatli mehnati tufayli yurtimiz iqtisodiy qudrati mustahkamlanib borilayotgani, “Yoshlik-I” koni va yangi boyitish fabrikalarining ishga tushirilishi esa O‘zbekistonning jahon mis bozoridagi mavqeini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, tadbirda hozirgi kunda tobora avj olayotgan axborot xurujlariga qarshi kurashish, turli tahdidlardan doimo ogoh bo‘lib yashash lozimligi ta’kidlandi. Dunyoning turli nuqtalarida geosiyosiy ziddiyatlar va nizolar kuchaygan bir davrda, O‘zbekistondagi tinch hayot eng oliy saodat bo‘lib, u har bir vatandoshimizdan hushyorlik va shukronalikni talab etishi qayd etildi.

Ijodkorlar tomonidan taqdim etilgan adabiy chiqishlar va she’riy chiqishlar tadbirning mazmunan boy va ta’sirchan o‘tishini ta’minladi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Mis boyitish fabrikasi direktori Ravshan Siddiqov hamda Mis eritish zavodi direktori Baxtiyor Vaqqosovlar Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Ular belgilab berilgan strategik maqsadlarni amalga oshirishda har bir ishchi-xodim mas’uliyatni chuqur his qilishi lozimligini, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va belgilangan reja ko‘rsatkichlarini bajarishda mehnat jamoalarining ahilligi hamda faolligi asosiy omil bo‘lishini ta’kidladilar.

Mehmonlar Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Mis kompleksida o‘z xizmat vazifalarini olib borayotgan Mudofaa vazirligining toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy qismida ham bo‘lishdi.

Ayniqsa, kombinat homiyligi asosida bunyod etilgan o‘quv binosi mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi. Bu yerda nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar kombinat va harbiy qism o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikning amaliy namunasi sifatida e’tirof etildi. Zero, strategik obyektlar xavfsizligini ta’minlayotgan posbonlarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor yurtimiz tinchligini asrash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech