Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33“Olmaliq KMK” AJ Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati boshlig‘ining huquqiy masalalar va shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari A.Boboxo‘jayev boshchiligida kombinatning bir qator korxonalarida sayyor yig‘ilishlar o‘tkazildi.
Chodak kon boshqarmasi, Angren kon boshqarmasi, Jizzax sement zavodi, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishlarda kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ye.Kosolapova, xodimlar bo‘limi boshlig‘i A.Risbayev, korxonalarning tovar-moddiy boyliklarni butligini ta'minlash bo‘yicha o‘rinbosarlari, komanda va qorovul boshliqlari, shaxsiy tarkib xodimlari ishtirok etishdi.
O‘tkazilgan yig‘ilishlarda xizmat xodimlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlarining sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish, kelgusida shu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Tashkil etilgan tadbirlarda asosiy e'tibor Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlarining oqibatlari va kelgusida bunday holatlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularni oldini olishga qaratildi.
IHQX boshlig‘ining huquqiy masalalar va shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari A.Boboxo‘jaev tadbirlarda so‘zga chiqib, xizmat xodimlari tomonidan sodir etilgan o‘g‘irlik holatlarini ko‘payib borayotganini hech nima bilan oqlab bo‘lmasligini ta'kidladi. Bunday noxush holatlar esa IHQX obro‘siga hamda kombinatning nufuziga katta putur va moddiy zarar yetkazayotganini, vaholanki xizmatning asosiy vazifasi aynan o‘g‘irlik, huquqbuzarlik holatlarini oldini olish va ularga barham berish ekanlinini aytib o‘tdi. Xizmat rahbariyati tomonidan shu kungacha doimiy ravishda tushuntirish va profilaktik ishlarni muntazam ravishda olib borilishiga qaramay, huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar tobora ortib bormoqda. Shu bilan birga bu holatlardan o‘zlariga to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘z vazifasiga vijdonan yondashib xizmat o‘tayotgan halol, pok xodimlar ham yetarli ekanligi ta'kidlandi.
A.Boboxo‘jayev xizmat shaxsiy tarkibiga murojaatida, xodimlar o‘z kasbiy faoliyatini qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, Vatanparvarlik va xizmat burchiga fidoyilik, davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik, adolatlilik, omonatga xiyonat qilmaslikka, halollik va xolislik, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplari asosida amalga oshirishlari lozimligini ta'kidlab o‘tdi.
Shuningdek xizmat xodimlari xizmat vazifalarini va lavozim majburiyatlarini bajarishda davlat prinsiplari va islohotlar talablariga qat'iy rioya etish, o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarish, kombinat rahbariyati va mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarini, topshiriqlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarishga majburligi aytib o‘tildi.
Tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda o‘z xizmat faoliyati davomida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan bir qator xodimlarga qat'iy choralar ko‘rish taklifi bildirildi.
Axborot xizmati