• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

O‘z muddatida va sifatli bajarish

20 Sentyabr 2022, 10:54 1805

Ushbu shiorni “Olmaliqmetallurgqurilish” trestining Qurilish materiallari va konstruksiyalar ishlab chiqarish boshqarmasining 2-sonli yog‘och mahsulotlari va asfalt ishlab chiqarish uchastkasi hamda 4-sonli maxsus uchastkasi mehnat jamoasi o‘zlariga dasturulamal qilib olishgan.

Mazkur mehnat jamoalari nafaqat kombinat obyektlarining yo‘llarini ravonlashtirish ishlarini olib borishadi balki shahrimiz mahallalaridagi yo‘llarning sozligida ham muhim rol o‘ynashadi.

Yo‘llarni ravon bo‘lishida asfalt muhim ahamiyat kasb etishi sir emas. ASFALT — bog‘lovchi qurilish materiali bo‘lib, bitumga mayda mineral to‘ldirgich qo‘shib tayyorlanadi. Asfaltning tabiiy (nisbatan kam uchraydi) va sun’iy xillari bor. Asfalt gidroizolyatsiya materiali sifatida, yo‘llarga yotqizish, qoplamalar to‘shash uchun qum, shag‘al, chaqiq tosh bilan aralashtirib ishlatiladi.

Kombinatda asfalt ishlab chiqarish jarayoni bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, dastlab Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasining Noruda materiallarini qazib olish va yuklash xizmatidan qum va sheben olib kelinadi. Bundan tashqari, suyuq bitum Neft mahsulotlari ta'minoti boshqarmasi tomonidan yetkazib beriladi. Ushbu inert materiallaridan maxsus uskunalardan asfalt tayyorlanadi.

OKMK rahbariyatining topshirig‘iga ko‘ra, shahrimiz obodligi uchun mazkur uchastka mehnat jamoasi tomonidan bu yilda shahrimizdagi 18ta ko‘chasi asfaltlanishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar shahrimizdagi Sh.Rashidov, Alisher Navoiy, “Mustaqillik”, “Yulduz”, Y.Oxunboboyev mahallalarining 10ta ko‘chasida 18 000 kvadrat metr asfalt yotqizish ishlari bajarildi. Rejada yana shahrimiz mahallalaridagi ko‘chalarga jami bo‘lib 16 000 kvadrat metr asfalt yotqiziladi.

Bundan tashqari, kombinat sexlari, ijtimoiy obyektlarda va trest balansida turgan ko‘chalarda ham asfalt yotqizish ishlari faollik bilan olib borilmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan 8 oyida 64 000 kvadrat hududda asfalt yotqizish va obodonlashtirish ishlari bajarildi.

Shuningdek, boshqarma mehnat jamoasi kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalarda ham ishtirok etishmoqda.

Boshqarma boshlig‘i Elmon Tariverdiyevning ma'lum qilishicha, bugungi kunda 3turdagi asfalt ishlab chiqarilmoqda. Bular – mayda donador, qumli hamda yirik donador asfalt bo‘lib, har bir mahsulotga muvofiqlik sertifikati olingan. Har chorakda mahsulotlardan namunalar olinib, tahlil qilib boriladi. Tayyorlanayotgan asfalt mahsulotlari sifati belgilangan me’yorlar bo‘yicha nazoratda.

“Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur”, deydi dono xalqimiz. Kombinat rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi natijasida uchastkaga 3,5 tonnalik katok olindi. Ushbu uskuna asfalt yotqizish ishlarini sifatli amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, kelgusida zamonaviy asfalt yotqizish mashinasi va asfalt kesuvchi uskuna ham olib kelinishi rejalashtirilgan.

“Mir novostey” (2020 yil, 48-son) haftanomasida chop etilgan BMT ma'lumotlariga qaraganda, Trinadad Tobago davlatidagi yo‘llar eng sifatli ekan. Trinadad mahsuloti dunyoning 50 dan ziyod mamlakatlariga tashib ketiladi. Bu tabiiy asfalt bilan qoplangan yo‘llar + 40 darajadan – 25 darajagacha bardosh beradi. Ushbu bebaho tabiiy kon janubiy Karib Trinadadning janubi-g‘arbida Pich-Leyk bitum ko‘lida joylashgan. Maydoni 45 gektar, chuqurligi 75-90 metrni tashkil etadi.

Jahondagi yirik bu tabiiy asfalt havzasi 1959 yilda ochilgan va o‘shandan buyon ushbu bitum kemalarning sirtini qoplash uchun foydalanib kelingan. Ammo XX asr boshlarida ko‘ldagi bitum qota boshlagan va ushbu xom ashyoning yarmidan ko‘pi tabiiy asfaltga to‘g‘ri keladi va yo‘l qurilishi uchun zarur qattiqlikka ega. Tabiatning bunday tuhfasi noyobligi shundaki, resurs doimiy ravishda qayta tiklanib turadi.

Olimlar bunday konlar sirini hozircha aniqlashgani yo‘q. Bunday doimiy qayta tiklanib turadigan katta-kichik bitum xom ashyosi havzalari dunyoning boshqa olis-yaqin hududlarida ham mavjud. Jumladan, Boshqirdiston, Komi, Venesuela shimolida, Indoneziyaning Sumatra orolida, Kanadaning shimoli-g‘arbidagi Atabaskida, Sharqiy Afrikaning Eritereya qirg‘og‘i bo‘ylarida, Albaniyada.

Axborot xizmati

 

Bo`lishmoq:
Text to speech