Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

O‘zbekiston chempionatining birinchi bosqichi: OKMK motokrosschilaridan zafarli start

24 Fevral 2026, 8:52 186

Joriy yilning 21-22-fevral kunlari Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida texnik sport turlaridan hisoblangan motokross bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 1-bosqichi o‘tkazildi.

Musobaqada, murabbiy Andrey Sazonov boshchiligidagi OKMK motokrosschilari ham ishtirok etishib, samarali natijalarni qayd etishdi.

Jumladan, vakillarimizdan 125 sm dvigatelli mototsikllar bahsida Emran Ablyazov marraga uchinchi bo‘lib yetibdi.

Yana bir vakilimiz Shevket Suleymanov ChZ klassidagi mototsikllar bahsida marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi.

Bu yil ilk bor +35 yosh toifasidagi sportchilar o‘rtasida ham bahslar o‘tkazilib, unda qatnashgan vakillarimiz Andrey Sazonov(kichigi) va Sergey Vinogradovlar sovrinli o‘rinlarni egallashdi. Andrey marraaga hammadan birinchi bo‘lib yetib kelgan bo‘lsa, Sergey uchinchi bo‘ldi.

Dvigatel hajmi 500 sm bo‘lgan mototsikllar poygasida qatnashgan Emran Ablyazov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

750 sm dvigatelli mototsikllar bahsida ishtirok etgan Viktor Lavrov va Bedriy Akimov juftligidan iborat ekipaj marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan holda, g‘oliblikni o‘z hisoblariga yozdirib qo‘yishdi.

Shu tariqa umumjamoa hisobida OKMK motokrosschilari mamlakat chempionatining birinchi bosqichini peshqadam sifatida yakunlashdi.

Bundan tashqari, musobaqa doirasida mehnat faxriysi Norali Boymurodov xotirasi uchun ham bahslar o‘tkazilib, g‘oliblarga sovrinlar taqdim etildi.

Endilikda OKMK motokrosschilari 1 oydan keyin Navoiyda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan mamlakat chempionatining 2-bosqichida ishtirok etishadi. Shuningdek, ushbu musobaqa bilan parallel ravishda o‘tkaziladigan Ipak yo‘li xalqaro musobaqasida ham yurtimiz sharafini himoya qilishadi.

OKMK motokrosschilarining yuqori natijalarga erishishida kombinat rahbariyati tomonidan Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi tarkibidagi Texnik sport klubiga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur qo‘llab-quvvatlash natijasida klub a’zolari xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalarda kombinat sharafini munosib himoya qilib kelishayapti. Klub a’zolari kombinat rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishadi. Shuningdek, OKMK motokrosschilari ularni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi rahbariyati va “Vatanparvar” tashkilotini ham e’tirof etishdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech