Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33
Toshkent shahrida o‘z ishini boshlagan Xalqaro investitsiya forumida 1,5 mingdan ortiq yirik investor va 56 mamlakatdan oliy darajadagi mehmon ishtirok etmoqda. Kecha Forumda yuqorida qayd etilgan mavzu doirasida panel munozarasi bo‘lib o‘tdi.
Ma'lumki, O‘zbekiston sanoatining ustuvor strategik tarmoqlaridan biri — foydali qazilmalar, xususan, mis, oltin, kumush, rux, fosfatlar, nodir tuproq metallari kaliyi va boshqa minerallarni qazib olishdir. Shu nuqtai nazardan, munozara mavzusi yanada dolzarbroq ahamiyat kasb etadi.
Moderator: Aleksandr Tarasenko, MDHdagi KPMG vakili, hamkor.
Spikerlar:
Aziz Voitov, O‘zbekiston Respublikasi investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari;
Bobir Islomov, O‘zbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi;
Narzullo Oblomurodov, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi;
Jo‘rabek Mirzamahmudov, “O‘zkimyosanoat” AJ boshqarmasi raisi;
Abdulla Azizov, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi o‘rinbosari;
Aleksey Shaymardanov, Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJ bosh direktorining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari;
Franko Adami Karbonara, Terranova SRL tijoriy direktori va rahbarlik qo‘mitasi a'zosi.
O‘zbekistonda dastlabki qayta ishlash mahsulotlarining xilma-xil turlari keng assortimentda qazib olinadi va ishlab chiqariladi, keyinchalik texnologik sikl yakunida u raqobatbardosh yakuniy mahsulotni ishlab chiqarish uchun yaxshi xomashyo bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ko‘plab sektorlarning yuqori texnologik transformatsiyasi kelajakda ishlab chiqarish geografiyasi hamda qo‘shimcha qiymat jamlangan markazlar o‘zgarishiga olib keladi. Ishlab chiqarish jarayoni avvalgiga nisbatan kamroq quvvat, material va mehnat talab qilishi, arzon ishchi kuchidan foydalanish qisqarishi kutilmoqda.
Munozara davomida mavjud ishlab chiqarishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha choralarga to‘xtalib o‘tildi, shuningdek, amalga oshiriladigan loyihalar qisqacha ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov:
— O‘zbekiston tabiiy boyliklar ishlab chiqarishda yetakchi mamlakatlar qatoriga kiradi.
Qimmatbaho metallardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun 22 hududda Erkin iqtisodiy zonalar tashkil qilingan. Bu hududlarda istalgan xorijlik investorlar o‘z investitsiyalarini kiritishlari va imtiyozli sharoitlarda faoliyat olib borishlari mumkin. Erkin iqtisodiy zonalarda biznesni yo‘lga qo‘yish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Munozara davomida tarmoq qo‘mitalar vakillari ham chiqish qilib, qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotni ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar va erishilgan natijalar haqida so‘zlashdi.
— O‘zbekiston geologik jihatdan 40 foiz o‘rganilgan mamlakat hisoblanadi, — ta'kidladi O‘zbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobir Islomov. — Yana 60 foiz geologik hududlarda o‘rganishlar olib borishimiz kerak bo‘ladi. Buning uchun uzoq muddatli dastur ishlab chiqilgan. Prezidentimiz tomonidan geologik o‘rganishlarni olib borish uchun bir qancha qarorlar imzolangan. Ular qanday amalga oshirilishi bo‘yicha ishlarning barchasi shaffof bo‘lib, tarmoqlarga joylashtiriladi. Shuningdek, kelgusida amalga oshiradigan ishlarimiz besh yillik Taraqqiyot strategiyasida aniq belgilab berilgan. Reja bo‘yicha biz geologik ishlarimizni 2 baravar oshiramiz. Shunchaki qazib olmasdan, zahira yaratishni maqsad qilganmiz. Shu yo‘nalishda kelgusida 150 ming oltin zaxiralari, 300 mingdan ortiq tonna mis zaxiralarini yaratishni rejalashtirganmiz. Mamlakatimiz investor tomonidan taklif qilinadigan tog‘-kon sohasidagi mega loyihalarga tayyor. Bu borada xorijliklar faoliyatini olib borishi uchun hech qanday muammo bo‘lmaydi.
Munozara doirasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Abdulla Azizov chiqish qildi.
— OKMK 100 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqaruvchi jahondagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchilardan biri sanaladi, — ta'kidladi A. Azizov — Biz yillik mis ishlab chiqarish hajmini 109 ming tonnadan 140 ming tonnagacha yetkazdik va bu katta o‘sish hisoblanadi. Elektromobillarning ommalashishi evaziga misga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Prognozlarga ko‘ra, kelgusida mis va temir rudasini qayta ishlash bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘ringa chiqadi. Lekin biz rekord o‘rnatish emas, yangi konlarni ochishni maqsad qilganmiz.
Tadbir doirasida qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun kapital va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish chora-tadbirlariga alohida to‘xtalib o‘tildi, xususan davlat-xususiy hamkorlik masalalariga e'tibor qaratildi.
Munozara doirasida foydali qazilmalarni qazib olishdan qo‘shimcha qiymatga ega mahulotlarni ishlab chiqarishga o‘tish borasidagi imkoniyatlar, ekologik muammolar va resurslarning cheklanganligi sohaga qanday ta'sir ko‘rsatayotgani, qanday strategiya va texnologiyalar mavjud yangi ishlab chiqarish konlarini ochish va samaradorlikni oshirishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Manba: Rasmiy xabarlar telegram kanali