Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33O‘zbekiston muhim foydali qazilmalar turlari, oltin, uran, mis, kaliy tuzlari, fosforitlar, kaolin resurslari bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlari o‘ntaligiga kiradi hamda oltin va uran ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri hisoblanadi. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, bu yo‘nalishda mamlakat hududining atigi 40 foiz qismi batafsil o‘rganilgan, shu bois bu sohani yanada chuqur o‘zlashtirish muhim hisoblanadi. Sababi, buning ortida yangi ish o‘rinlari yaratiladi va respublika iqtisodiyoti rivojlanadi.
Aynan shu maqsadda joriy yilning 21-iyun kuni poytaxtda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki bilan hamkorlikda "O‘zbekiston: Foydali qazilmalarni qazib olish va geologiyaning yangi barqaror imkoniyatlari" mavzusida tog‘-kon va metallurgiya sanoatini rivojlantirish xalqaro konferensiyasi tashkil etildi.
Unda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi xalqaro va mahalliy yetakchi korxonalar, nufuzli xalqaro moliya institutlari va banklar, salohiyatli investorlar, mustaqil ekspertlar va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirok etdi.
Shuningdek, ushbu nufuzli anjumanda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ vakillari ham qatnashishdi.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – respublika tog‘-kon sanoatini rivojlantirish istiqbollari va yo‘nalishlari, sohada amalga oshirilgan islohotlar, potensial investitsiya imkoniyatlarini namoyish etish hamda xalqaro sanoat hamkorlari va boshqa manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro aloqalarni o‘rnatish imkoniyatini yaratishdan iboratdir.
Tadbirda so‘zga chiqqan ishtirokchilar va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari to‘g‘risida fikr bildirishdi.
Etiborlisi, O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishdagi erishilgan yutuqlari alohida e'tirof etilib, Jahon banki vakillari doimo hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Konferensiya davomida OKMK Boshqaruvi raisining Raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Azizov kombinatda amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya mavzusidagi ma'ruzasi bilan, bosh muhandisning texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Abduqahhor Saynazarov “Mash’alli(fakelnoy) eritishni qo‘llash hisobiga tashlamalarni qisqartirish” mavzusidagi ma'ruzasi bilan qatnashishdi.
- Tog‘-kon metallurgiya sanoati O‘zbekistonda sanoatning drayveri sanaladi. Buni yalpi ichki mahsulotdagi tushumda ham ko‘rsak bo‘ladi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Navoiy kon-metallurgiya kombinati kabi korxonalarning yaratayotgan sharoitlari va ular topayotgan mablag‘larni e'tiborga oladigan bo‘lsak, davlat byudjetining 25%idan yuqorisini tashkil etadi. Bu sohada o‘tgan yili 2% rivojlanish bo‘lgan bo‘lsa bu yilda 3% kutilayapti, - deydi OKMK boshqaruvi raisining Raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Azizov. - Soha yildan-yilga rivoojlanib boradi. Sababi, yildan-yilga rangli metallarga bo‘lgan talabning oshib borishi va metallarning miqdorini kamayib borishidir. Misol tariqasida aytish mumkinki, anjumanda jahon bankining vakili hozirda jahonda misga bo‘lgan talab yiliga 25 mln tonna bo‘lsa, 2050-yilga borib bu 60 mln tonnani tashkil etishini ta'kidlab o‘tdi. Yana bir misol hozirda misning eng katta ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Chilida ham borgan sari zahira kamayib borayapti. Bu albatta , geologiya ishlarining keskin o‘sishi, metallarga bo‘lgan talabning oshishi bilan bog‘liq. Yana bir muhim jihat elektromobillarning ommalashishi, qayta tiklanuvchi energetikada ham misning ishlatilishi. OKMKda ham 100 dan oshiq investitsiyaviy loyihalar mavjud. Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalardan biri bu 3-Mis boyitish fabrikasini qurish hisoblanadi va u yerdan yiliga 1 mln tonna konsentrat ishlab chiqarish sanaladi. Shuningdek, 4-, 5- mis boyitish fabrikalarining qurilishlari, metallurgiya kompleksini qurish hisoblanadi. Umumiy investisiya portfolyumiz 2030-yilgacha 15 mlrd dollardan yuqori qiymatni tashkil etadi. Bu albatta, ko‘proq ishlab chiqarish, yuqori qiymatli yaratuvchi mahsulot ishlab chiqarish, zahiralarni kengaytirish, yangi ish o‘rinlarni yaratish, mavjud zahiralardan oqilona foydalanish, mamlakat iqstisodiyotiga hissa qo‘shish bosh maqsadimiz sanaladi. Yangi barpo etilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishda xorijning yetakchi kompaniyalari tajribasini o‘rganib, yangi texnologiyalarni kiritish orqali samaradorlikni oshirishni maqsad qilganmiz. Hozirda sanoat korxonalarida transformatsiya muhim jarayon sanaladi. Transformatsiyaning asosiy maqsadi bu jahon bozoriga ochilish, hisobotlarni jahon standartlari asosida yuritish, samaradorlikni oshirish va raqamlashtirishni aytib o‘tgan bo‘lardim. Oxirgi 2 yilda raqamlashtirish kombinatlarda samarali joriy etilayapti. Xususan, OKMK misolida aytadigan bo‘lsam 1,5 yil davomida avtomatlashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha 60dan ortiq loyihalarni amalga oshirdik. 2022-yilda raqamlashtirishning o‘zidan 30 mln dollardan ortiq mablag‘ iqtisodiga erishildi. 2023-yilda ham raqamlashtirish borasida strategik loyihalarni davom ettiramiz.
Konferensiya 4 ta panel sessiya doirasida: “Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish”, “Tog‘-kon sanoati uchun yangi qonuniy asoslar, nimalar o‘zgardi?”, “O‘zbekistonda tog‘-kon sanoatining kelajagi: sanoat yetakchilari qanday fikrda?”, “Yashil iqtisodiyotga o‘tish uchun tog‘-kon sanoati qiymat zanjirini yaratish” kabi mavzular yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda har bir mavzu bo‘yicha O‘zbekistonda tog‘-kon sanoatining yetakchi korxonalari vakillari, Jahon banki va Osiyo tarraqqiyot bankining mustaqil espertlari, xalqaro konsalting kompaniyalari va sohada ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar o‘zlarining ma'ruza va taqdimotlari bilan ishtirok etdilar.
Konferensiya yakunida tashrif buyurgan mehmonlar yuqoridagi mavzular bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olib, sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va kelgusi maqsadlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.
Axborot xizmati