• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi – Ekologik xavfsizligimiz kafolati”

03 Aprel 2023, 14:12 2505

Shu mavzuda bugun “Metallurg” MSda O‘zbekiston ekologik partiyasi tomonidan targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Joriy yilning 30-aprel kuni o‘tkazilishi kutilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum oldidan o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Xamzayev, OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov, kombinat ishchi-xodimlari, shahar korxona-tashkilotlari mas'ullari va jamoatchilik faollari, partiya a'zolari ishtirok etishdi.

Shuningdek, ushbu tadbirni joylardan Zoom platformasi orqali ham kombinat ishchi-xodimlari kuzatib borishdi.

Tadbirda so‘z olgan OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov yangilanayotgan bosh qomusimizning ahamiyati, xalqimizga ko‘plab imkoniyatlar qonuniy mustahkamlanib qo‘yilayotganini ta'kidlab, islohotlarning amaldagi ifodasini kombinatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar misolida ko‘rish mumkinligini ma'lum qildi. Shuningdek, A.Xursanov o‘z so‘zida Rux zavodi, Mis boyitish fabrikalarida amalga oshirilgan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari, yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasini, kombinatning ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlayotganini misollar bilan aytib o‘tdi. Bundan tashqari, kombinat mehnat jamoasi tomonidan “Yashil makon” umummiilliy loyihasiga salmoqli hissa qo‘shilayotganini ta'kidlab barchani referendumda faol ishtirok etishga chorladi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Xamzayev ham so‘z olib, o‘zgarayotgan konstitutsiyada ekologiya masalasida qanday normalar kiritilayotgani haqida ma'lumot berib o‘tdi. Unga ko‘ra, Ekologik partiya asosiy qonunimiz loyihasiga ekologiyaga oid normalarning kiritilishi bo‘yicha qator takliflarni bergan va takliflar yangi Konstitutsiya loyihasida o‘z aksini topdi.

Mamlakatimiz tarixida birinchi marta Konstitutsiya loyihasiga alohida ekologiyaga oid bob kiritildi. Ekologiyaga oid normalar muqaddimadan tortib, inson huquqlariga oid normalarda ham o‘z aksini topdi. Amaldagi Konstitutsiyada mavjud normalarga nisbatan ekologiyaga oid normalar qariyib besh barobarga ko‘paydi.

Konstitutsiya loyihasida har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga egaligi belgilandi. Bu bilan aholimiz va kelajak avlod uchun tabiatimizni ekologik toza saqlab qolishning konstitutsiyaviy kafolatlari yaratilayapti.

Qayd etish joizki, bugungi kunda xalqimiz tomonidan shahar markazlaridagi qurilishlar bo‘yicha ko‘plab e'tirozlar bildirilib kelinmoqda, partiyaga ham bu borada ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.

Yangi Konstitutsiyada shaharsozlik hujjatlari jamoatchilik muhokamasidan majburiy o‘tkazilishi shartligi haqidagi konstitutsiyaviy qoidalar kiritilganligi hozirgi sharoitda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan shaharsozlikka oid masalalarni xalqimiz bilan bamaslahat yechish imkonini beradi.

Yangi Konstitutsiyamiz loyihasidagi yana bir muhim jihat, davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish majburiyatiti o‘z zimmasiga olmoqda.

Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan davlat tomonidan choralar ko‘rilishi Konstitusiyamizda o‘z aksini topmoqda. Bu esa so‘nggi yillarda Orolbo‘yi hududida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli amaliy ishlarning izchil davom ettirishning huquqiy kafolatini mustahkamlaydi.

Fuqarolarning atrof-muhitga, tabiiy merosga bo‘lgan munosabatlari Konstitutsiya loyihasining 61-, 62-, 66-moddalarida o‘z ifodasini topmoqda. Yoshlarning boshqa huquqlari bilan bir qatorda ekologik huquqlari Bosh qomusimizda bilan kafolatlanmoqda.

Yangi Konstitutsiyada birinchi marta Hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlash, tabiat boyliklarini, biologik xilma-xillikni asrab-avaylash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish kabi vazifalari alohida ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Bu bilan Konstitutsiya darajasida Vazirlar Mahkamasining aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va xalqimizning qulay atrof muhitda yashash sharoitini ta'minlash bo‘yicha mas'ulligi kengaymoqda.

Tadbirda Adliya vazirligi xodimi Shuhrat Rahmonov ham so‘zga chiqib, referendumning mazmun-mohiyati bilan yig‘ilganlarni tanishtirib o‘tdi.

Darhaqiqat, yangilanayotgan Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos, ishonchli kafolat hamda barqaror iqtisodiyot, ekologik xavfsiz davlat, aholimiz uchun ijtimoiy kafolatlarning mustahkam poydevori sifatida xizmat qiladi, uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini belgilash esa Konstitutsiya nufuzini yanada oshiradi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech