Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tog‘-kon sanoati” IV xalqaro kongressi va ko‘rgazmasida OKMK mutaxassislari faol qatnashmoqda

04 Dekabr 2025, 13:49 111

Ayni paytda poytaxtimizda “O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tog‘-kon sanoati” IV xalqaro kongressi hamda ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.

Mazkur tadbir doirasida 3-dekabr kuni o‘tkazilgan yalpi majlisda vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislari hamda yetakchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Rustam Yusupov o‘z nutqida O‘zbekistonning mineral-xom ashyo salohiyati jihatidan mintaqadagi yetakchi o‘rinlarni egallashi, oltin va uran bo‘yicha dunyoning eng yirik davlatlari qatoriga kirishini ta’kidladi. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi Qonunning investitsiya muhiti va tartib-taomillarni xalqaro standartlarga moslashtirishda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi, o‘ta muhim minerallar bo‘yicha loyihalar ko‘lamining kengayayotgani va xususiy sektor ishtirokining ortib borayotganini qayd etdi.

Shu bilan birga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalar, jumladan, oltin, mis, kumush va uran qazib olish hajmini sezilarli oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish hamda zamonaviy qayta ishlash quvvatlarini barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani aytib o‘tildi. Korxonalar samaradorlik, ekologik barqarorlik va texnologik yangilanishni ta’minlashga qaratilgan xalqaro darajadagi tashabbuslarni izchil davom ettirayotganiga e’tibor qaratdi.

Kongress dasturi yalpi majlislar, tematik sessiyalar, ekspertlar muhokamalari va yirik investitsiya loyihalar taqdimotlarini o‘z ichiga olgan. Ishtirokchilar uchun ushbu tadbir yangi g‘oyalar almashinuvi, hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekiston konchilik sanoatining mintaqaviy hamda global miqyosdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, tadbir doirasida bugun o‘tkazilgan tematik sessiyalarda “Raqamlashtirish, operasion samaradorlikni oshirish, konchilikda sun’iy intellekt va ESG tashabbuslari” mavzusida OKMK Raqamlashtirish departamenti direktori v.b. Aziz Rozikulov ma’ruza qilib, bu borada Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mutaxassislari tadbir doirasida “Mis klasteri” 6-sessiyasida ishtirok etishmoqda. Unda O‘zbekiston mis klasterini mustahkamlash uchun infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va texnologik yechimlar muhokama qilinmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech