Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Pensiya ta’minotidagi islohotlar muhokama markazida

23 Sentyabr 2026, 8:40 42

Joriy yilning 22-sentyabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati “Metallurg” madaniyat saroyida yurtimizda pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish va sohadagi qonunchilikni isloh qilishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Olimjon To‘ychiyev, OKMK boshqaruv raisining xodimlari va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov, kombinat korxonalaridagi xodimlar hamda mehnatni tashkil etish va ish haqi bo‘limlari mas’ullari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan tegishli qaror loyihasi, unda belgilangan pensiya yoshini optimallashtirish va yangi tizimli tartiblar atroflicha tahlil qilindi. Davra suhbati davomida qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan quyidagi eng muhim yangilanishlar xodimlar e’tiboriga yetkazildi:

  • Pensiya yoshining bosqichma-bosqich o‘zgarishi: 2028-yil 1-yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borish tizimi joriy qilinishi mumkin. Ushbu tartib asosida 2039-yilga kelib pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yoshga, ayollar uchun esa 58 yoshga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.
  • Ish haqini hisoblash davrining kengayishi: 2027-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisoblab chiqarish uchun inobatga olinadigan oxirgi mehnat faoliyati davomidagi 5-yillik ish haqi davri har yili 1-yilga oshiriladi va bosqichma-bosqich 20-yillik davrga yetkaziladi. Bunda fuqarolarni himoya qilish maqsadida, o‘rtacha ish haqini aniqlashda xodimning eng past daromad olgan davrining 10 foizi hisob-kitobdan chiqarib tashlanadi.
  • Minimal ish staji talabi: Yoshga doir pensiya tayinlash uchun belgilangan kamida 7-yillik majburiy ish staji har yili 1-yilga oshirilib, 2034-yilda 15-yilga yetkaziladi. Eng kam ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga umumiy belgilangan pensiya yoshidan 5-yil o‘tgandan keyin yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlanib qoladi.
  • Kech pensiyaga chiquvchilarni rag‘batlantirish: Yuqori daromaddan ijtimoiy soliq to‘layotgan va pensiya yoshida ham mehnat faoliyatini davom ettirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, 2028-yil 1-apreldan boshlab ilk bor pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasi oshiriladi. Bunda bazaviy miqdorning amaldagi 12 baravaridan:

Oddiy holatda — 13 baravargacha;

6 oy kech pensiyaga chiqilganda — 14 baravargacha;

12 oy kech pensiyaga chiqilganda — 15 baravargacha oshirish tartibi joriy etiladi.

  • Davlat tomonidan qo‘shimcha subsidiya berish: 2027-yil 1-yanvardan boshlab o‘rtacha oylik ish haqi bazaviy miqdorning 15 baravaridan kam bo‘lgan va jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga (INPS) ixtiyoriy ravishda ish haqining 5 foizini o‘tkazgan fuqarolarga Davlat byudjeti hisobidan 50 foizgacha qo‘shimcha mablag‘ to‘lab beriladi. Ish haqining 15 baravaridan yuqori qismidan esa 1 foizi (2033-yildan 2 foiz, 2040-yildan 3 foiz) ijtimoiy soliq hisobidan fuqaroning INPS hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
  • Jamg‘armalardan og‘ir kasallik va ipotekada foydalanish: Fuqarolarga o‘z INPS mablag‘larini moliyaviy vositalarga investitsiya qilish imkoniyati yaratiladi. Eng muhimi, 2030-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolar og‘ir kasallikka chalinganda davolanish uchun hamda ipoteka krediti olishda boshlang‘ich to‘lov sifatida o‘z jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘laridan muddatidan oldin foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar.

Tadbir davomida ishchi-xodimlar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan ushbu qaror loyihasiga o‘z takliflarini bildirishga va unda faol ishtirok etishga chorlandi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech