Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Pirmirob” shaxtasida maʻdan qazib olish ko‘lami kengaymoqda

05 Avgust 2025, 9:3 533

O‘zbekiston bugungi kunda dunyodagi eng yirik oltin zaxirasiga ega davlatlar qatorida turadi. Mamlakatimizning bu boradagi yetakchilik mavqeyini saqlab qolishda tog‘-kon sanoati korxonalarining, xususan, yurtimizdagi yirik konlarning hissasi beqiyos. Ayniqsa, OKMK tarkibidagi oltin qazib olish va uni qayta ishlash bo‘yicha faoliyat yuritayotgan bo‘linmalari bu yo‘nalishda samarali ish olib borishmoqda. Shu qatorda Namangan viloyatining Pop tumanida joylashgan Chodak kon boshqarmasi ham yuqori natijalarga erishib, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini ortig‘i bilan bajarib kelmoqda. Kon boshqarmasi 2025-yilning dastlabki olti oyida ruda qazib olish bo‘yicha rejani 101 foizga, uni qayta ishlash ko'rsatkichini 103 foizga uddaladi. Ayniqsa, jamoa kumush qazib olish rejasini 124,8 foizga bajargani e’tiborga molikdir.

Bugungi kunda boshqarma tasarrufidagi Pirmirob shaxtasida zaxiralar kamayib borayotgan qatlamlarni to‘ldirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, konda yangi uchastka ishga tushirilib, ushbu obyektda zamonaviy texnika va ilg‘or uskunalar asosida yer ostidan ruda qazib olish ishlari tashkil etilgan.

Yangi uchastkada zamonaviy texnikalardan yuk ortuvchi mashinalar, pnevmatik perforatorlar, burg‘ilash uskunalari hamda ko‘taruvchi mexanizmlardan samarali foydalanilmoqda. Bu esa nafaqat ish unumdorligini oshiradi, balki konchilarning mehnatini ham yengillashtiradi.

"Pirmirob" shaxtasi bosh muhandisi Nurilloxon Xatamovning maʻlum qilishicha, 2 yil avval tashkil etilgan yangi uchastkada shu paytga qadar 950 metr togʻ oʻtish ishlari olib borildi. Uchastkada asosan qazib olish va kon tayyorlov ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur uchastka yer sathidan 120 metr chuqurlikda joylashgan qiya lahm koni boʻlib, 1056 metr qiyalikdan oʻtilib, keyin gorizontal kon lahmlardan iborat boʻladi.

Pirmirob shaxtasida yangi uchastkaning ishga tushirilishi korxonada rudani qazib olish hajmini sezilarli darajada oshirish barobarida, mamlakatimiz oltin zaxirasi barqarorligini ta’minlash hamda iqtisodiy salohiyatimizni yanada yuksaltirishga muhim asos bo’lib hizmat qiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech