Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Buyuk ajdodlarga ehtirom”

13 Fevral 2026, 9:29 133

Ma’lumki, har yili fevral oyi yurtimizda adabiyot, nafosat va ma’naviyat bayramiga aylanib ketadi. Bu bejiz emas. Zero, bu oyda o‘zbek she’riyatining ikki buyuk ustuni — so‘z mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan. Ular qoldirgan boy meros nafaqat xalqimizning, balki butun jahon sivilizatsiyasining bebaho xazinasi hisoblanadi.

Joriy yilning 12-fevral kuni “Metallurg“ madaniyat saroyida tashkil etilgan adabiy-musiqiy kecha aynan ana shu buyuk ajdodlarimizga bo‘lgan cheksiz ehtirom ifodasiga aylandi.

“Buyuk ajdodlarga ehtirom” nomli adabiy-musiqiy kechada “Metallurg” MS ijodiy jamoasi tomonidan Navoiy va Bobur g‘azallari asosidagi qo‘shiqlar jonli ijro etildi.

Ayniqsa, taniqli san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning  Navoiy g‘azallari bilan bastalangan bir qancha qo‘shiqlarini “Metallurg” MS xodimi, xonanda Uyg‘unbek Tovbayev zo‘r mahorat bilan ijro etdi.

Tadbir davomida madaniyat saroyi ijodiy guruhlari tomonidan buyuk bobolarimizning hayoti va ijodini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Jonli ijroda kuylangan taronalar, sahna ko‘rinishlari, yuksak ijodiy mahorat tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Darhaqiqat, buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini biz avlodlar qancha ko‘p o‘rgansak shuncha kam. Sababi Navoiyning insonparvarlik g‘oyalari va Boburning Vatan ishqi bilan yo‘g‘rilgan satrlari qalbimizda milliy g‘urur tuyg‘usini yuksaltirib, ezgulikka xizmat qilishda beqiyos kuch bag‘ishlaydi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech