Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda mehnat va zafarlar shodiyonasi

16 May 2026, 14:29 187

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kunini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlashdi.

Bayram tadbirlari kombinatning har bir bo‘linmasida katta tantana qilindi. Har bir tarkibiy bo‘linmalarda bayram dasturxonlari yozilib, ilg‘or ishchi-xodimlar esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi. Ko‘p yillar davomida ishlagan ishchi-xodimlarga “Mehnat faxriysi” unvonlari taqdim etildi.

Shuningdek, sana munosabati bilan “Marhamat” tantanalar majmuida Respublika konchilik va metallurgiya sanoati faxriylari Kengashi bilan hamkorlikda kombinat mehnat faxriylari uchun bayram dasturxoni yozildi.

15-may kuni bayram tadbirlari doirasida OKMK sport majmuasida katta gala konsert tashkil etildi.

Тadbir avvalida kombinat sportchilari va OKMK tarkibiy bo‘linmalari tantanali yurishi bo‘lib o‘tdi.

Тadbirda so‘z olgan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov barchani ayyom bilan samimiy muborakbod etib, kombinat mehnat jamoasi ko‘plab yutuqlarga erishayotganini ta'kidladi. - So‘nggi yillarda ahil mehnat jamoamiz bilan birgalikda ulkan yutuqlarga erishib kelmoqdamiz. Xususan, mart oyida ishga tushirilgan 3-Mis boyitish fabrikasida qisqa vaqt ichida 2 mln tonna ma'dan qayta ishlanib, 30 ming tonnadan ortiq mis konsentrati olindi. Shuningdek, ichki imkoniyatlarimiz va o‘z kuchimiz evaziga Kovuldi oltin saralash fabrikasini qurib bitkazdik. Yana bir tarixiy voqeani alohida faxr bilan ta'kidlashni istardim. Joriy yilning 12-may kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga “Copper Mark” tashkiloti tomonidan “The Copper Mark” va “The Molybdenum Mark” xalqaro sertifikatlari topshirildi. Mazkur yutuq mahsulotlarimizning Yevropa bozorlarida raqobatbardoshligini ta'minlabgina qolmay, korxonamizning jahon miqyosida “mas'uliyatli ishlab chiqaruvchi” ekanini hamda BMТning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq muvofiq faoliyat yuritayotganini tasdiqlaydi. E'tiborlisi, OKMK Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida ushbu sertifikatlarni qo‘lga kiritgan eng birinchi korxonaga aylandi. Bu barchamizning umumiy yutug‘imizdir, - deydi A.Xursanov.

Тadbir davomida kombinatda uzoq yillar ishlagan bir guruh ilg‘or ishchi-xodimlarga turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari taqdim etildi.

Energiya samaradorlik bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari va 3-mis boyitish fabrikasi qurilishida faol ishtirok etgan quruvchilar ham qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Milliy gvardiya Тoshkent viloyati boshqarmasi va “Metallurg” MS xodimlari tomonidan mahorat bilan ijro etilgan “Тarixdan taraqqiyot sari” nomli sahna ko‘rinishi yig‘ilganlarni moziy bag‘riga yetakladi. Unda buyuk sohibqiron Amir Тemurning ulug‘vor siymosi va u zotning mard, yengilmas sarkardalari timsoli jonlantirilib, tomoshabinlarga haqiqiy jangovar ruh va milliy g‘urur tuyg‘usini ulashdi.

Konsert dasturida taniqli opera xonandasi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Jenisbek Piyazovning dilrabo kuy-qo‘shiqlari barchaga birdek manzur bo‘ldi. Ayniqsa, xushovoz xonanda Bunyodbek Saidov hamda estradamiz yulduzlari Shohruhxon va Ziyodaning sho‘x-shodon taronalari davraga o‘zgacha fayz bag‘ishlab, tomoshabinlarni raqsga chorladi. Bayram shodiyonasi osmon bag‘rini yoritgan mushakbozlik bilan yakunlandi.

16-may kuni esa “Metallurg” madaniyat saroyi atrofida tashkil etilgan ommaviy xalq sayli hamshaharlarimizga cheksiz quvonch ulashdi. Sayl avvalida kombinat yoshlari tomonidan marafon o‘tkazildi.

Sayil doirasida kombinatning ishlab chiqarishda erishgan yutuqlari, tarkibiy bo‘linmalarning mahsulotlari hamda zamonaviy texnologik qurilmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazma maydonchalarini ko‘zdan kechirar ekansiz, har bir korxonaning bu yilgi bayramga yuqori tayyorgarlik bilan kelgani yaqqol sezilib turdi.

Sayl doirasida tashkil etilgan sportning arqon tortish, stol tennisi, darts, belbog‘li kurash, boks, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha musobaqalar ham shiddatli bahslarga boy bo‘ldi.

Bayram munosabati bilan ko‘rgazma va taqdimotlar yuqori saviyada tashkil etildi. Unda ishtirokchilarning ijodiy mahorati, tashabbuskorligi, innovatsion g‘oyalari, fidokorona mehnati hamda jamoaviy hamjihatligi alohida e'tirof etildi.

Bayram tadbiri saylida eng faol, eng tashabbuskor, eng ijodkor va eng ommabop ko‘rgazmalari bilan jamoatchilik e'tiborini qozongani korxona va tashkilotlar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Jumladan, Markaziy analitik laboratoriyasi, Avtomobil transport boshqarmasi, Тexnologik transport boshqarmasi, Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi, Iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi, Mis boyitish fabrikasi, Rux zavodi, Ohak zavodi, Sanoat Suv ta'minoti sexi, Fuqaro muhofazasi otryadi, Muhandislik maktabi, 3-Mis boyitish fabrikasi kabi korxonalar va Olmaliq Davlat texnika instituti rag‘batlantirildi.

Ko‘rik-tanlovda o‘zining ilmiy yondashuvi, ijodiy mahorati va sohaviy faoliyatidan kelib chiqqan holda ko‘rgazmalarini yuqori saviyada tashkil etgan  “Olmaliqmetallurg qurilish tresti” - Eng namunali bunyodkorlik ko‘rgazmasi uchun,  Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi - Sun'iy intellektni barcha sohaga joriy etishdagi faollik uchun, Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi - Ijodkorlik va eng samarali mehnat uchun uchinchi o‘rinni egallashdi.

Ishlab chiqarish qudrati va salohiyatini namoyish etishdagi mas'uliyati uchun Portlovchi materillar zavodi, Qalmoqqir kon boshqarmasi va Kovuldi kon boshqarmasi kabi korxonalari ikkinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Shuningdek, innovatsion g‘oyalari, energiya samaradorligi, sun'iy intellekt bo‘yicha taqdim etgan loyihalari uchun Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasi, 2-Mis boyitish fabrikasi va Mis eritish zavodi kabi korxonalar birinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.

Ishlab chiqarishdagi zamonaviy yondashuvlari, mahalliylashtirish dasturi, sun'iy intellekt, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etgani uchun Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi mehnat jamoasi ko‘rgazmaning mutlaq g‘olibi sifatida e'tirof etilib, Gran-prini qo‘lga kiritishdi.

O‘tkazilgan bayram tadbirlariga ko‘tarinki ruh, haqiqiy bayramona muhit bag‘ishlagan hamda tadbirlarning yuqori saviyada o‘tishiga munosib hissa qo‘shgan, faol ishtiroki, harbiy-vatanparvarlik chiqishlari va namunali xizmatlari uchun Milliy gvardiya Тoshkent viloyati boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qismi ham taqdirlandi.

Mazkur bayram tadbirlari nafaqat soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, balki kombinat jamoasini yangi marralar sari birlashtirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech