• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Prezident Shavkat Mirziyoyev OKMKga tashrif buyurdi

16 Oktyabr 2024, 15:1 437

Joriy yilning 15-oktyabr kuni mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati mintaqasining sanoat salohiyatini rivojlantirishga koʻmaklashuvchi asosiy obyektlar va loyihalar bilan tanishish maqsadida Olmaliq shahriga tashrif buyurdi.

Dastlab davlatimiz rahbari "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ muhandislik maktabida boʻlib, u yerning faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda Germaniya tajribasi asosida yiliga 480 nafar muhandis tayyorlanadi hamda ming nafar xodimning malakasi oshiriladi. Dars jarayonlari yoʻnalish va mavzulardan kelib chiqib, xorijlik professor-oʻqituvchilar ishtirokida olib boriladi.

Oʻquv dasturi Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasi, “GP Günter Papenburg AG” va “Aurubis AG” kompaniyalarining ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida ishlab chiqilgan. Maktab shunga muvofiq, mexanika, metallurgiya, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, foydali qazilmalarni boyitish, energetika yoʻnalishlari boʻyicha zamonaviy oʻquv-amaliyot uskunalari bilan jihozlangan. 

Davlatimiz rahbari mazkur maktabdagi ish oʻrganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

Tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yoshlik-1” koni hamda uning negizida qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasini koʻzdan kechirdi.

Bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi qaroriga muvofiq istiqbolli investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.

Kon hududi 11 ming gektar. Zaxirasi ham salmoqli – yiliga 65 million tonna ma’dan. Bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor.

Davlatimiz rahbari mazkur konda boʻlib, qazish ishlarini koʻzdan kechirdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi.

“Yoshlik-1” koni ma’danlaridan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi barpo etilmoqda. Uning qurilishiga 2021-yil 29-iyulda tamal toshi qoʻyilgan edi.

Bu yirik loyihaning qiymati 4,6 milliard dollar boʻlib, konni qazish, fabrika va uning infratuzilmasini qurishni oʻz ichiga oladi. Hozirgi kunda 200 million kub metr kon yuzasi ochilgan, 41 kilometr temir yoʻl yotqizilgan. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlaridan uskunalar keltirilgan. Fabrika va boshqa infratuzilmalarning qurilishi jadal ketmoqda.

Prezidentimiz bu yerdagi ulkan bunyodkorlik ishlari bilan atroflicha tanishdi. Boʻlajak zavodning iqtisodiy samaradorligi, unda qoʻllaniladigan ilg‘or texnologiyalar, ish jarayonidagi qulayliklar haqida axborot berildi.

Davlatimiz rahbari “Enter Steel” mexanika ta’mirlash korxonasi ustaxonalarida ham boʻlib, yangi uskunalar va ish jarayoni bilan tanishdi.

Soʻngra Prezident raisligida Toshkent viloyati rivojining hozirgi holati va kelgusi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish boʻlib oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududdagi iqtisodiy-ijtimoiy natijalarni atroflicha tahlil qilib, qoʻshimcha imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.

Olmaliq shahriga tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev 4-mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlanganiga bag'ishlangan tantanali marosimda ishtirok etib, ramziy tugmani bosgan holda ushbu yangi zavod qurilishini boshlab berdi.

Qiymati 5,3 milliard dollarlik bu loyiha orqali yiliga 146 ming tonna katodli mis, 13 tonna oltin va 73 tonna kumush olish quvvatlari yaratiladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 1,9 milliard dollarga yetadi. Fabrika va uning infratuzilmalarida 3 mingdan ortiq kishi ishlaydi.

Loyihaga Italiyaning “Wood” hamda Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kompaniyalari jalb qilingan. Ishlab chiqarishda yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qoʻllanishini belgilangan.

Aytish joizki, hozirgi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 5-mis boyitish fabrikasi ham loyihalashtirilmoqda.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech