• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Qalmoqqir KB energetiklari malaka oshirishdi

12 Dekabr 2024, 8:25 250

Bugungi texnologilar asrida sanoat sektorini transformatsiya qilish, yaʼni yangilash, zamon talablariga mos tarzda oʻzgartirish xalqaro raqobatda ustunlikni taʼminlaydi. Bu borada OKMKda ham ishlab chiqarish jarayonlariga yuqori texnologiyalarni joriy etish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Yangi uskuna va jihozlardan to’g’ri foydalana olishlik esa xodimlardan kerakli bilim va ko’nikmalarni talab etadi. Shu bois kombinat Muhandislik maktabi hamda Qalmoqqir kon boshqarmasi hamkorligida xodimlarning malakasini oshirish bo'yicha dastur ishlab chiqildi va unga ko’ra kon energetika xizmati mutaxassislarining professional mahoratini shakllantirish maqsadida kuni kecha ushbu maktabda o’quv-amaliy mashg’ulotlari tashkil etildi.

Dunyo bo’ylab energiya resurslariga bo’lgan talab ortib borar ekan undan oqilona foydalanish hamda energiya samarador texnologiyalarni ishlab chiqarishga tadbiq etish masalalari yanada muhim ahamiyat kasb etib boraveradi. Shunday ekan, energetiklar uchun tashkil etilgan mazkur ta’lim jarayonlari ham, kelgusida egallangan yangi bilimlar orqali, kombinatga iqtisodiy samara keltiruvchi zamonaviy texnologiyalarning yaratilishiga zamin bo’lishi shubhasiz.

Dastur doirasida mutaxassislar zamonaviy laboratoriyalarga tashrif buyurishib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Sinov stendlari ish jarayonlarini kuzatib, ilg‘or ishlab chiqarish uskunalarini o‘rganish hamda zamonaviy IT-texnologiyalari va avtomatlashtirish tizimlarini o‘zlashtirish bo'yicha mashg’ulotlar o’tishdi.

Xodimlar yuqori darajadagi texnik jihozlanish, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlari va ilg‘or ta’lim metodikalari bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, muhandislik laboratoriyalaridagi ilg‘or texnologiyalar va ularni real ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish bo‘yicha o‘rgangan bilimlar alohida e’tirof etildi.

Mazkur dastur xodimlarning kasbiy bilimlarini oshirish, zamonaviy energiya samaradorlik yechimlarini o‘rganish va ulardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga imkon berdi. Shu bilan birga, boshqa soha mutaxassislari bilan tajriba almashish imkoniyati ham yaratildi.

Sanoat sohasining rivoji energetika tizimining barqarorligiga bevosita bog’liq ekanligini inobatga olsak, mazkur yo'nalishda faoliyat yuritayotgan mutahassislarning bilim va ko’nikmalarini oshirish, kelgusida korxona ravnaqiga xizmat qiladi. Muhandislik maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ta’lim va tajriba almashish jarayonlari ham Qalmoqqir kon boshqarmasi energetika xizmati xodimlarining professional salohiyatini yanada yuksalishiga sabab bo’ldi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Energetik xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan bu dastur “Qalmoqqir” kon boshqarmasi uchun professional salohiyatni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Bu kabi ta’lim va tajriba almashish jarayonlari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xurshid Abdullayev,

Qalmoqqir KB Yoshlar ittifoqi raisi

Bo`lishmoq:
Text to speech