Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Qalmoqqir” kon boshqarmasi kecha va bugun: Istiqlol yillaridagi islohotlar

25 May 2026, 9:15 269

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, rangli metallurgiya yoʻnalishida olib borilayotgan modernizatsiya ishlari eksport salohiyatini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Yangi investitsion loyihalar, zamonaviy texnikalar hamda raqamlashtirish tizimlarining joriy etilishi esa sohani mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqyapti.
Ana shunday yangilanishlar zamirida OKMKning “Qalmoqqir” kon boshqarmasi bugungi kunda nafaqat ishlab chiqarish hajmlari, balki texnologik salohiyati bilan ham mamlakatimiz tog‘-kon sanoatining yetakchi korxonalaridan biriga aylandi.
Davlatimiz mustaqilligining ilk yillarida boshqarmada ish jarayonlari hozirgidek zamonaviy va qulay bo’lmagan. Texnikalar sonining kamligi, mavjud uskunalarning eskirgani hamda ishlab chiqarish quvvatlarining pasligi konchilar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklardi. Ko‘plab jarayonlar og‘ir mehnat va katta kuch talab qiluvchi sharoitlarda amalga oshirilgan. Shunga qaramay, soha fidoyilari o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqati va matonati bilan korxona faoliyatining uzluksiz davom etishini ta’minladilar.

Yoshlik-1” koni Baliqti karyeri boshlig‘I Mamasodiq Karimov xotiralarini shunday yodga oladi: — Men mehnat faoliyatimni 1980-yilning sentyabr oyida “Qalmoqqir” konida ekskavator mashinisti yordamchisi sifatida boshlaganman. O‘sha paytlarda konda asosan kovsh sig‘imi 8 kub metr bo‘lgan ekskavatorlardan foydalanilardi. Keyinchalik sig‘imi 10 kub metrli texnikalar olib kelinganida, ular bizga g‘oyat bahaybat bo‘lib ko‘ringan edi.

Yillar o‘tib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining moddiy-texnik bazasi tubdan yangilandi va konga eng zamonaviy texnologiyalar, ulkan ekskavatorlar olib kelina boshlandi. Eski texnikalardan farqli o‘laroq, bugungi yangi ekskavatorlarda  machinist va yordamchilari uchun barcha sharoitlar hamda yuqori darajadagi qulayliklar yaratilgan. Masalan, moylash tizimlari to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, inson omilini kamaytiradi va ish unumdorligini oshiradi.

O‘tgan davr bilan hozirgi kunni solishtirsak, bugun ishchi-xodimlar, ayniqsa, yosh mutaxassislar uchun cheksiz imkoniyatlar eshigi ochiq. Eng muhimi, kombinatda har bir oddiy ishchining g‘oya va ratsionalizatorlik takliflariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Agar siz o‘z innovatsion taklifingizni iqtisodiy va texnik jihatdan asoslab bersangiz, u darhol ishlab chiqarishga tatbiq etiladi. Loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshgan xodimlar esa moddiy va ma’naviy jihatdan munosib rag‘batlantirilmoqda.

Yoshlarimizga maslahatim — kombinatda yaratib berilayotgan bunday zamonaviy sharoitlar va keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, sidqidildan mehnat qilishsin, o‘z ustilarida tinimsiz ishlab, tajriba orttirishsin.

Soʻngi yillarda “Qalmoqqir” kon boshqarmasining asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib boryapti. 2017-yilda 32,2 million tonna maʻdan qazib olingan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 34,3 million tonnaga yetkazildi. 2025-yilda esa qazib chiqarilgan maʻdan hajmi 37,4 million tonnani tashkil etdi.
Yer ochish ishlari ko‘lami ham sezilarli darajada kengaydi. 2017-yilda 9,4 million kub metr boʻlgan ushbu ko‘rsatkich 2025-yilda 18,4 million kub metrgacha oshirildi. Umumiy tog‘ massasi hajmi ham izchil ortib, 2017-yildagi 22,1 million kub metrdan 2025-yilda 32,8 million kub metrga yetdi.

“Qalmoqqir” kon boshqarmasi bosh mexanigi Abdulaziz Shodiyevning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish sur’atlarining ortishi, avvalo, avtoparkni tubdan modernizatsiya qilish bilan chambarchas bog‘liq. Bundan 10 yil avval konda 42 ta ekskavator hamda 22 dona burg‘ilash uskunasi faoliyat ko‘rsatgan. O‘shanda konda asosan EKG-5, EKG-8 va EKG-10 rusumidagi nisbatan kichik hajmli kon qazish texnikalari ishlagan, yuqori quvvatga ega EKG-20 ekskavatoridan esa atigi bir dona bo‘lgan.

Ma’danni qazib olish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida keyingi yillarda “Qalmoqqir” koniga qo‘shimcha ravishda 3 ta EKG-15 va 2 ta EKG-10 ekskavatorlari olib kelindi va texnikalar soni 47 taga yetkazildi. Shuningdek, 3 ta burg‘ilash uskunasi ham keltirildi.

“Qalmoqqir” konida raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, kon-transport nazorat tizimlari ishga tushirilib, avtosamosvallar, ekskavator, burg‘ilash agregatlari hamda yordamchi texnikalar planshetlar, GPS/GLONASS trekkerlari va zamonaviy sensorlar bilan jihozlandi. Bu esa barcha jarayonlarni real vaqt rejimida kuzatish, ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini bermoqda.

“Qalmoqqir” kon boshqarmasida amalga oshirilayotgan islohotlar oddiy modernizatsiya emas, balki ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli strategik yondashuvdir. Yangi avlod ekskavatorlari, ilg‘or burg‘ilash uskunalari va zamonaviy texnologiyalarning keng joriy etilishi korxonaning nafaqat bugungi barqaror faoliyatini, balki kelgusi yillardagi istiqbolli taraqqiyotini ham ta’minlamoqda. Bu esa yurtimiz tog‘-kon sanoatining raqobatbardoshliligini oshirish hamda iqtisodiy taraqqiyotga munosib hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech