"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Mustaqillik – xalqimizning ozod va farovon hayoti, tinchligi, taraqqiyoti hamda yorugʻ kelajagining mustahkam poydevoridir. Oʻtgan 35 yil davomida mamlakatimiz barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Ayniqsa, keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar sanoat tarmoqlarini mutlaqo yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqmoqda.
Togʻ-kon sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch tarmoqlaridan biri sifatida ushbu taraqqiyotda muhim oʻrin tutadi. Qalmoqqir kon boshqarmasi jamoasi ham koʻp yillik tajribasi, yuksak masʼuliyati va fidokorona mehnati bilan nafaqat korxona, balki butun respublika iqtisodiy salohiyatining yuksalishiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
1954-yilda qazib olish ishlari boshlangan, 1959-yilda esa ilk ruda qazib olingan Qalmoqqir kon boshqarmasi mustaqillik yillarida yanada yuksak natijalarga erishdi. Xususan, 2010-yilda konda qazib olingan rudaning jami hajmi 1 milliard tonnaga yetdi. Shuningdek, 2012-yilda yillik ruda qazib olish hajmi 30 million tonnani, 2023-yilda esa 35 million tonnani tashkil etdi.
Bugungi kunda boshqarmada ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy kon texnikalari va raqamli texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda mehnat xavfsizligini yanada takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir yoʻnalishda innovatsion yondashuvlar qoʻllanilib, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish orqali yuqori natijalarga erishilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi qaroriga muvofiq "Yoshlik–1" konini oʻzlashtirish investitsiya loyihasi boshlangan. Konning umumiy maydoni 11 ming gektarni tashkil etadi. Mazkur loyiha OKMKning ishlab chiqarish quvvatlarini bir necha barobar oshirish, xomashyo bazasini sezilarli kengaytirish imkonini berdi.
Ushbu konning ishga tushirilishi kombinatning maʻdan qazib olish hajmini yiliga millionlab tonnaga oshirib, Oʻzbekistonning jahon bozoridagi rangli va qimmatbaho metallar eksportidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Loyiha doirasida dunyoning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan eng zamonaviy ogʻir togʻ-kon texnikalari xarid qilindi. Jumladan, 1 dona EKG-25KM, 14 dona EKG-20K, 15 dona EKG-15M ekskavatorlari, 23 dona zamonaviy burgʻilash uskunasi hamda boshqa kon-transport texnikalari foydalanishga topshirildi.
Soʻnggi yillarda korxonada boshqaruv tizimini avtomatlashtirish boʻyicha ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, ekskavatorlar, ogʻir yuk avtosamosvallari va temir yoʻl transporti faoliyatini yagona axborot tizimiga birlashtirgan zamonaviy dispetcherlik markazi ishga tushirildi. Bu esa ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligi, samaradorligi va xavfsizligini taʼminlashda muhim omil boʻldi.
Korxona jamoasining ishlab chiqarish rejalarini muvaffaqiyatli bajarishi, yangi texnologiyalarni oʻzlashtirishi, texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarning muntazam yaxshilanishi hamda mehnat unumdorligining ortib borishi fidokorona mehnatning yorqin samarasidir. Har bir erishilgan natija ortida konchilarimizning zahmatli mehnati, kasbiga sadoqati va Vatan ravnaqi yoʻlidagi yuksak masʼuliyati mujassam.
Qalmoqqir kon boshqarmasida inson qadri doimo ustuvor hisoblanadi. Xodimlar uchun xavfsiz va qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, malakasini oshirish, yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash hamda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Yoshlar bilan ishlash yoʻnalishida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Iqtidorli va tashabbuskor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning kasbiy bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish, maʼnaviy-maʼrifiy, sport va intellektual tadbirlarni muntazam tashkil etish orqali korxonamizning ertangi kuni egalari boʻlgan yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan yillar davomida Qalmoqqir KB Yoshlar ittifoqi kengashi tomonidan oʻtkazilgan kasb mahorati tanlovlari va zaxira kadrlarini tayyorlash dasturlari natijasida koʻplab iqtidorli yoshlar muhandis-texnik xodimlarga aylandi, ularning salmoqli qismi esa rahbarlik lavozimlariga tavsiya etildi.
Korxonada ekologik barqarorlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda "yashil iqtisodiyot" tamoyillarini keng joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar ham uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining ajralmas qismiga aylangan.
Alohida taʼkidlash joizki, korxonamiz jamoasi safida koʻp yillar samarali mehnat qilgan, kon boshqarmasi taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan hamda mustaqillik yillarida davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor boʻlgan fidoyi mehnat egalari borligi barchamiz uchun cheksiz faxr va gʻururdir.
Ular orasida "Oʻzbekiston Qahramoni" unvoni sohiblari Jonsaid Turdiyev va Saidali Rahmonov, "Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sanoat xodimi" faxriy unvoni sohiblari Valeriy Prixodko va Renat Nasirov, "Mehnat shuhrati" ordeni sohiblari Viktor Ramme, Xabibulla Almatov, Erali Qosimov va Sobirali Imanov, "Doʻstlik" ordeni sohiblari Shakirbek Abduvaitov hamda Leonid Kim, shuningdek, "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan Abdimahkam Malikov, Tashpoʻlat Ernazarov, Abdumalik Tursunov, Abdunabi Djalilov, Abduhamid Mirzayev, Mirahmat Saparov, Abduqodir Kambarov, Xayrulla Aldiyarov kabi fidoyi insonlarning koʻp yillik samarali mehnati, kasbiga sadoqati va yurt taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi beqiyosdir.
Oldimizda turgan vazifalar yanada ulkan. Ishonchim komilki, Qalmoqqir kon boshqarmasining ahil va fidoyi jamoasi oʻzining boy tajribasi, yuksak salohiyati va birdamligi bilan yangi marralarni zabt etishda davom etadi. Korxonamizning har bir xodimi oʻzining halol mehnati bilan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadi.
Bugungi qutlugʻ bayram barchamizni Vatanga muhabbat, kasbimizga sadoqat va kelajakka ishonch ruhida yanada birlashtirsin. Mustaqilligimiz bergan beqiyos imkoniyatlarni qadrlab, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va korxonamiz taraqqiyoti yoʻlida bundan buyon ham birgalikda sidqidildan mehnat qilaylik.
Yana bir bor barchangizni Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman. Barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, mehnat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, yangi yutuq va zafarlar tilayman. Mustaqilligimiz abadiy, yurtimiz tinch va taraqqiyoti bardavom boʻlsin!
Muhammadamin Isakov,
Qalmoqqir kon boshqarmasi direktori