Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

"Qazib oluvchi tarmoqlarda shaffoflik tashabbusi" xalqaro tashkiloti delegatsiyasi OKMKda bo‘ldi

27 Noyabr 2025, 10:22 438

Rangli metallurgiya sanoatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan ham o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatib kelmoqda.

Joriy yilning 26-noyabr kuni OKMKga tashrif buyurgan "Qazib oluvchi tarmoqlarda shaffoflik tashabbusi"(EITI) tashkiloti boshqaruv raisi Xelen Klark boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ham kombinat faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov hamrohligida dastlab mehmonlar dunyodagi eng yirik konlardan sanalgan Qalmoqqir konidagi texnologik ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirishdi.

“Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida yangi ochilayotgan Yoshlik-1 koni ham mehmonlarni hayratlantirdi.

Kombinat homiyligida rekonstruksiya qilinib, ishchi-xodimlarning salomatliklarini tiklashlari uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan sanatoriy-profilaktoriy mehmonlarning navbatdagi manzili bo‘ldi. Mehmonlar mazkur sihatgohda yaratilgan sharoitlar, ishchilarning salomatliklarini tiklashlari uchun amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.

Mega loyiha doirasida yaqinda barpo etilib, ishga tushirilgan 3-Mis boyitish fabrikasining ishlab chiqarish quvvatlari, faoliyati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif davomida shuningdek, mehmonlar “Metallurg” madaniyat saroyida ham bo‘lishib, muzeylarni ko‘zdan kechirishdi.

Tomonlar o‘rtasida o‘tkazilgan samimiy muloqot davomida "Qazib oluvchi tarmoqlarda shaffoflik tashabbusi"(EITI) tashkiloti va OKMK o‘rtasidagi doimiy hamkorlik aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishib olindi.

Ma’lumot uchun EITI - "Qazib oluvchi tarmoqlarda shaffoflik tashabbusi"(Extractive Industries Transparency Initiative) xalqaro tashkilot bo‘lib neft, gaz va mineral resurslarni qazib olish sohalarida shaffoflik va hisobdorlikni targ‘ib qiladi. Uning maqsadi mamlakatlar va ularning fuqarolariga o‘z davlati tabiiy resurslardan qancha daromad olishini tushunishga yordam berish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish va ushbu resurslarni samarali boshqarishga ko‘maklashishdan iborat.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech